add

Erondagi namoyishlarda 35 kishi halok bo‘ldi

Kecha 13:252 daqiqa

Eronda o‘n kundan beri davom etayotgan namoyishlar chog‘ida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, 1200 nafardan ortiq fuqaro hibsga olingani ma’lum qilinmoqda.

Erondagi namoyishlarda 35 kishi halok bo‘ldi

Eronda hukumatga qarshi davom etayotgan ommaviy namoyishlar chog‘ida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, 1200 nafardan ziyod fuqaro hibsga olingan. Bu haqda «AP News» «Human Rights Activists News Agency» (HRANA) ma’lumotlariga tayanib xabar qildi. Qurbonlar orasida 29 nafar namoyishchi, to‘rt nafar bola va ikki nafar kuch tuzilmalari xodimi bor.

HRANA ma’lumotiga ko‘ra, chiqishlar mamlakat bo‘ylab 88 shahardagi 250 dan ortiq nuqtada bo‘lib o‘tgan. Eronning 31 viloyatidan 27 tasi namoyishlar bilan qamrab olingan. Davlatga qarashli «Fars» agentligi esa to‘qnashuvlar chog‘ida taxminan 250 nafar politsiya xodimi va 45 nafar «Basij» kuchishlatar tizimi a’zosi yaralanganini ma’lum qildi.

Namoyishlarga milliy valuta qadrsizlanishi ortidan oziq-ovqat va dori-darmon narxlarining keskin oshishi turtki bo‘lgan. Seshanba kuni Tehrondagi Katta bozorda o‘tirib ish tashlash aksiyasi o‘tkazildi. Guvohlar ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim savdogarlar do‘konlarni yopgan, boshqalari esa kuch tuzilmalari qarshisida yerga o‘tirib olgan. Javob tariqasida xavfsizlik kuchlari ko‘z yosh chiqaruvchi gaz qo‘llagan, shundan so‘ng bozorning qolgan qismi ham yopilgan.

4-yanvar kuni kechqurun Eron kuch tuzilmalari Ilom shahridagi shifoxonalardan biriga bostirib kirgan. BBCʼning xabar qilishicha, ular yaralangan namoyishchilarni qidirib, tibbiyot xodimlariga nisbatan kuch ishlatgan. Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ma’muriyati ushbu hodisani «insoniyatga qarshi jinoyat» deb atab, tekshiruv o‘tkazishni topshirgan.

Hodisa xalqaro maydonda ham keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. AQSH Davlat departamenti shifoxonaga qilingan hujumni «jinoyat» deb baholadi. Prezident Donald Tramp esa vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirib, aholiga qarshi kuch ishlatish oqibatsiz qolmasliginidan ogohlantirdi.

Shu bilan birga, Eron hukumati ish haqini oshirish va soliqlarni qisqartirishni o‘z ichiga olgan choralar paketini e’lon qildi, biroq namoyishlar hozircha to‘xtagani yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid