
Erondagi namoyishlarda qurbonlar soni bo‘yicha keskin tafovut kuzatilmoqda
«Reuters» eronlik mulozimga asoslanib 5 ming odam qurbon bo‘lganini, «The Sunday Times» esa shifokorlarga asoslanib 16,5 ming odam o‘lganini aytmoqda.

Eronda 2025 yil oxiri — 2026 yil boshida bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlarida halok bo‘lganlar soni yuzasidan tarqatilayotgan ma’lumotlar o‘rtasida katta farq kuzatilmoqda. G‘arb ommaviy axborot vositalariga tayanilsa, qurbonlar soni bir necha mingdan o‘n minglab odamlargacha yetishi mumkin.
«The Sunday Times» nashri mamlakat ichida ishlayotgan shifokorlar hisobotiga tayanib, kamida 16 500 nafar inson halok bo‘lganini yozdi. Gazetaga ko‘ra, yaralanganlar soni 330 ming nafargacha yetgan bo‘lishi mumkin. Manbalarning ta’kidlashicha, qurbonlarning katta qismi eng keskin ikki kunlik kuch ishlatish paytiga to‘g‘ri kelgan. Shifokorlar xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘qotar qurol qo‘llangani, jabrlanganlar orasida yoshlar ulushi juda yuqori ekanini bildirgan.
Shu bilan birga, Eron rahbariyati bundan ancha kam raqamlarni keltirmoqda. Oliy rahbar Oyatullox Ali Xomanaiy uch haftalik namoyishlar davomida «bir necha ming» kishi halok bo‘lganini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, javobgarlik namoyish ishtirokchilarining o‘zlariga yuklanadi, chunki ular go‘yo tashqi kuchlar, xususan AQSH va Isroil manfaatlari yo‘lida harakat qilgan.
«Reuters» agentligi noma’lum eronlik mansabdorga tayanib, halok bo‘lganlar soni «kamida 5 ming nafar» ekanini xabar qildi. Manba voqealar uchun «terrorchilar va qurollangan isyonchilar»ni ayblagan. Shuningdek, u halok bo‘lganlar orasida taxminan 500 nafar xavfsizlik kuchlari xodimlari borligini aytgan.
Mutaxassislar fikricha, raqamlar orasidagi bunday tafovut axborot shaffofligi yo‘qligi bilan bog‘liq. Internet uzilishlari, mustaqil jurnalistlar faoliyatiga cheklovlar va rasmiy statistikaga ishonch pastligi voqealarning haqiqiy ko‘lamini aniqlashni qiyinlashtirmoqda.
Hozircha eng ehtiyotkor baholar ham Erondagi namoyishlar so‘nggi o‘n yilliklardagi eng qonli to‘qnashuvlardan biriga aylanganini ko‘rsatmoqda.





