
Erondagi norozilik namoyishlari vaqtida 2000 ga yaqin kishi halok bo‘ldi
Eron hukumati vakillari namoyishchilarni «terrorchi» deb atamoqda.

Butun mamlakat bo‘ylab ikki haftadan ortiq davom etayotgan Erondagi norozilik namoyishlari vaqtida 2000 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters bilan suhbatda bo‘lgan ismi oshkor etilmagan eronlik amaldor ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, halok bo‘lganlar orasida — ham aksiya ishtirokchilari, ham Eron xavfsizlik kuchlari xodimlari bor.
«Bu Eron rasmiylari norozilik aksiyalarida bunchalik ko‘p qurbonlar bo‘lganini birinchi marta tan olishidir», - deb ko‘rsatmoqda agentlik.
Iran International telekanali hech qanday manbalarga tayanmagan holda norozilik namoyishlari oqibatida kamida 12 ming kishi halok bo‘lgani haqida xabar bermoqda.
«Namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari xodimlarining o‘limi uchun javobgarlik terrorchilar zimmasida», - degan Reuters suhbatdoshi.
Eron hukumati vakillari namoyishchilarni «terrorchi» deb atamoqda. Eronlik amaldor halok bo‘lganlar haqida boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
Avvalroq, Eron davlat ommaviy axborot vositalari norozilik namoyishlari paytida o‘nlab huquq-tartibot idoralari xodimlari halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi, biroq namoyishchilar orasidagi qurbonlar haqida gapirmagan.
Erondagi norozilik namoyishlari o‘tgan yilning 28-dekabridan beri davom etmoqda. Ular milliy valuta kursining pasayishi fonida boshlandi va Eronda oyatulloh Ali Xaminai hukumatiga qarshi va umuman — 1979 yilgi inqilobdan keyin Islom Respublikasi tashkil etilganidan beri uning tarixidagi eng keng ko‘lamli qarama-qarshilikka aylandi. AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va aksilhukumat aksiyalari ishtirokchilariga yordam berish uchun Tehronga bosim o‘tkazishning turli, jumladan, harbiy variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi. 12-yanvarda norozilik namoyishlari fonida Tramp Eron bilan «biznes yuritayotgan» mamlakatlardan keladigan tovarlarga AQSH tomonidan 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Shundan so‘ng, 13-yanvarda Brent nefti narxi ikki oylik maksimal darajaga yetdi.





