
Erondagi noroziliklar fonida Rossiyaga katta miqdorda oltin olib chiqilgani aytilmoqda
Britaniya deputati Erondagi ommaviy noroziliklar fonida hukumat katta miqdordagi oltinni Rossiyaga olib chiqqan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Eronda o‘n kundan buyon davom etayotgan ommaviy noroziliklar fonida mamlakat hukumati katta miqdordagi oltin zaxiralarini Rossiyaga olib chiqqan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Britaniya parlamenti a’zosi Tom Tugendhat bayonot berdi. Uning aytishicha, so‘nggi kunlarda Rossiya yuk samolyotlari Tehronga qo‘nib-uchgani va Erondan katta hajmda oltin olib chiqilgani haqida xabarlar mavjud.
«Human Rights Activists News Agency» ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiy qiyinchiliklar ortidan boshlangan namoyishlar natijasida halok bo‘lganlar soni 36 nafarga yetgan. Huquq himoyachilari qayd etishicha, noroziliklar mamlakatning 31 viloyatidan 27 tasida kuzatilgan. Qurbonlar orasida 34 nafar namoyishchi va huquq-tartibot organlariga mansub ikki kishi bor. Qurbon bo‘lgan namoyishchilarning janoza marosimi ham minglab insonlar ishtirokidagi siyosiy aksiyalarga aylanib ketmoqda.
HRANA hisobotida ta’kidlanishicha, mamlakat bo‘ylab 285 nuqtada bo‘lib o‘tgan aksiyalarda o‘nlab odamlar yaralangan, 2 ming 76 kishi esa qo‘lga olingan. Yaralanishlar asosan rezina va sochma o‘qlar oqibatida sodir bo‘lgan. Eron rasmiylari hozircha halok bo‘lganlar va yaralanganlar bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermagan.
Tom Tugendhat parlamentdagi chiqishida Rossiya yuk samolyotlari ehtimol qurol-yarog‘ va o‘q-dori tashiyotgan bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidladi. Shu bilan birga, u Eron hukumati ehtimoliy hokimiyat inqirozi ortidangi hayotga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga yaqin yoki yo‘qligi bo‘yicha Britaniya hukumatidan izoh so‘radi.
Britaniyaning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha davlat kotibining parlamentdagi o‘rinbosari Hamish Falkoner bu ma’lumotlar yuzasidan aniq izoh bermadi. U Britaniya Eron fuqarolarining tinch yig‘ilish va norozilik bildirish huquqlarini asosiy huquq sifatida ko‘rishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Erondagi noroziliklar 2025 yil 28-dekabrda milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi ortidan Tehrondagi Buyuk bozorda boshlangan va keyinchalik mamlakat bo‘ylab tarqalgan.





