Erondagi qizlar maktabiga hujumda 150 dan ortiq odam halok bo‘ldi

01.03.2026 | 22:252 daqiqa

Mamlakatda ish haftasi shanbadan payshanbagacha davom etishi inobatga olinsa, maktabga zarba berilgan paytda u yerda dars jarayoni o‘tayotgan bo‘lgani ayon bo‘ladi.

Erondagi qizlar maktabiga hujumda 150 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Kecha, 28-fevral kuni Eronning Minab shahridagi qizlar maktabiga berilgan zarba oqibatida kamida 153 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda «Mizan News Agency» xabar berdi.

Rasmiy raqamlar turlicha bildirilmoqda, ammo ko‘p manbalarda haloklar soni 148 atrofida keltirilgan. Eron bu hodisada AQSH va Isroilni aybladi. AQSH Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi (Centcom) voqea haqidagi xabarlarni o‘rganayotganini ma’lum qildi, Isroil harbiylari esa mazkur hududda SAXAL operatsiyalari haqida «xabardor emasliklarini» bildirdi.

Qizlar maktabi Minab shahrida, ilgari nishonga olingan Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazasi yaqinida ( 600 metr masofada) joylashgan edi.

Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, 28-fevral kunidan beri Erondagi havo zarbalari oqibatida kamida 201 kishi halok bo‘lgan, 747 kishi yaralangan.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bu hodisani «varvarona harakat» va «tajovuzkorlar sodir etgan beqiyos jinoyatlar ro‘yxatidagi yana bir qora sahifa» deb atadi.

AQSH ommaviy axborot vositalari keltirgan bayonotda Centcom matbuot kotibi Tim Hokins bu xabarlarga jiddiy qarashini bildirdi.

«Fuqarolarni himoya qilish eng ustuvor ahamiyatga ega va biz tasodifiy zarar xavfini kamaytirish uchun barcha mavjud choralarni ko‘rishda davom etamiz», – dedi u.

Maktab uchta raketa zarbasi bilan nishonga olingan

Eronda ish haftasi shanbadan payshanbagacha davom etadi, juma esa yagona rasmiy dam olish kuni hisoblanadi. Shu sababli maktab zarba berilgan paytda dars jarayoni bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shanba kungi voqeadan so‘ng Jenevadagi Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy rasmiylari jamiyat tezkor guruhlarni maktabga yuborganini ma’lum qildi. Rasmiylardan biri Xormuzgon viloyatidagi Minab shahrida joylashgan maktab «uchta raketa zarbasi bilan nishonga olinganini» bildirdi.

Maktabdagi fojea AQSH va Isroil shanba kuni Eronning bir qator shaharlarida nishonlarga ketma-ket havo zarbalari bergan paytda sodir bo‘ldi.

Hujumlar yakshanba kuni ham davom etdi. Undan avval havo zarbasi natijasida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy va uning ko‘plab yuqori lavozimli qo‘mondonlari halok bo‘lgani xabar qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid