
Eronliklar Isroildan qattiq intiqom olishni talab qilmoqda
13.06.2025 | 21:3041704
Isroilga qarshi keng ko‘lamli havo hujumidan keyin eronliklar hukumatdan zudlik bilan intiqom choralarini ko‘rishni talab qilmoqda. Tehron ko‘chalarida noroziliklar avj olgan, mamlakatda g‘azab va toqatsizlik hukm surmoqda.

Eronda jamoatchilik Isroilning 13 iyun kungi misli ko‘rilmagan harbiy havo hujumlariga javob sifatida hukumatdan qattiq intiqom talab qilmoqda. Ayrim fuqarolar ko‘chalarga chiqib norozilik bildirgan, boshqalar esa xavf tufayli uylaridan chiqmayapti.
Ushbu hujumlar oqibatida bir necha yuqori lavozimdagi harbiylar, yetakchi yadro olimlari halok bo‘lgan. Isroil tomoni mamlakat bo‘ylab harbiy va yadro infratuzilmasiga aniq zarbalar berganini ma’lum qilgan.
Tehronlik pensiyadagi 62 yoshli fuqaro Ahmad Muadiy: «Biz qanchagacha qo‘rqib yashaymiz? Bizning javobimiz qat’iy va halokatli bo‘lishi shart», — dedi. Norozilik namoyishlarida fuqarolar «Isroilga o‘lim! Amerikaga o‘lim!» degan shiorlar bilan chiqish qildilar.
Eron armiyasi rahbariyati ham javob hujumlari «cheksiz va hech qanday vaqt bilan bog‘liq bo‘lmasligini» aytdi. Oliy rahbar ayatullo Alii Xomanaiy Isroilni «og‘riqli va achchiq oqibat» kutayotgani haqida ogohlantirdi.
Erondagi noroziliklar orasida ayrimlar xalqaro muzokaralarning ma’nisizligi haqida gapirmoqda. Ularga ko‘ra, yadro dasturi bo‘yicha muzokaralardan oldin olimlar o‘ldirilgan bir paytda tinchlik so‘zlariga ishonib bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyun kuni Isroil armiyasi 200 ta samolyot ishtirokida Erondagi o‘nlab harbiy ob’ektlarga hujum uyushtirgan. Uran boyitish markazlari, raketa zavodlari va harbiy qo‘mondonlar turar joylari nishonga olingan. Oqibatda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondoni Huseyn Salomiy, Eron Bosh shtabi rahbari Muhammad Boqiriy va bir necha olim halok bo‘lgani aytilmoqda.
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats bu zarbani «oldindan ogohlantiruvchi chora» deb atadi. Mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, maktablar yopilgan va havo makoni vaqtincha berkitilgan.





