Yerlarni xususiylashtirishda yangi tizim, shikastlangan avtoraqamlar onlayn almashtirish narxi va budjet xarajatlarni oshirmaslik bo‘yicha ogohlantirish — 14-aprel dayjesti

Kecha 23:313 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yerlarni xususiylashtirishda yangi tizim, shikastlangan avtoraqamlar onlayn almashtirish narxi va budjet xarajatlarni oshirmaslik bo‘yicha ogohlantirish — 14-aprel dayjesti

Prezident yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha yangi tizimga o‘tishni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda 2025 yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgani ma’lum qilindi. Buning oqibatida 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish va budjetga 550 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati boy berilgani qayd etildi. Shu munosabat bilan arizalarga inson omilisiz 5–10 daqiqa ichida onlayn javob beruvchi yangi tizimga o‘tish topshirildi.

Yig‘ilishda bosh rejalarda infratuzilmani qachon va qanday manbalar hisobidan qurish masalasi aniq belgilanmayotgani tanqid qilindi. Bu esa xarajatlar oshishi va pala-partish qurilishlarga sabab bo‘layotgani aytildi. Har bir hudud rahbarlariga ikki oyda bosh rejalarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish va moliyalashtirish manbalarini aniq belgilash vazifasi yuklatildi.

Shikastlangan avtoraqamlar onlayn almashtirish narxi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda shikastlangan yoki yaroqsiz holga kelgan avtoraqamlarni onlayn almashtirish xizmati my.gov.uz portali orqali joriy etildi. Fuqarolar ariza yuborib, kerakli raqam belgisi sonini tanlashi va shikastlangan raqam fotosini ilova qilishi kerak, ariza YHXX tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ariza ma’qullangach, yangi davlat raqami belgisini olish uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravari — 1 mln 442 ming so‘mni tashkil etadi. To‘lovdan so‘ng yangi raqam tayyorlanadi va fuqaro YHXX bo‘linmasida eskisini topshirib, yangisini oladi.

XVJ O‘zbekistonga budjet xarajatlarni oshirmaslik bo‘yicha yana ogohlantirdi

Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sib, ishsizlik 4,8 foizgacha pasaygan va inflatsiya 7,3 foizga tushgan. 2026 yil uchun o‘sish prognozi 6,8 foizga oshirilgan, biroq inflatsiya 6,8 foiz darajasida saqlanib, Markaziy bank maqsadidan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Joriy operatsiyalar taqchilligi 3,9 foizga qisqargan, budjet defitsiti esa 2,1 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, XVJ davlat xarajatlarini oshirmaslik va keng qamrovli subsidiyalardan voz kechishni tavsiya qildi. Asosiy xavflar sifatida geosiyosiy noaniqliklar, xomashyo narxlari o‘zgaruvchanligi va ichki bozorda davlat xarajatlari orqali talabni sun’iy rag‘batlantirish qayd etilgan. Jamg‘arma budjet samaradorligini oshirish, davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlashni qisqartirish va ijtimoiy dasturlarni optimallashtirishni taklif qildi.

Bojxona omborlari orqali sotiladigan smartfon va noutbuklarga boj joriy etiladi

O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish doirasida 1-iyuldan boshlab ikki yillik eksperiment sifatida bond omborlari tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, import tovarlar bojxona rasmiylashtiruvidan sotilgandan keyin o‘tadi. Yangi tartibga muvofiq, smartfon, noutbuk, planshet va ayrim maishiy texnika vositalari bond omborlari orqali sotilganda ularning sotish qiymatidan 5 foiz boj undiriladi va bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, kiyim-kechak va poyabzal kabi 30 ga yaqin tovar turlari uchun 3 foiz bojxona boji va QQS belgilangan. Agar tovar sotish qiymati bojxona qiymatidan past bo‘lsa, to‘lovlar bojxona qiymati asosida hisoblanadi. Bond omborlari orqali tushumlar alohida hisobga olinadi, bojxona va soliq organlari esa marketpleyslar bilan hamkorlikda tovar aylanmasini monitoring qiladi.

O‘zbekistonda ilk milliy moliyaviy hisobot standarti tasdiqlandi

O‘zbekistonda ilk milliy moliyaviy hisobot standarti tasdiqlandi. U Prezidentning 2025 yil 15-sentabrdagi PQ–282-son qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilib, 2026 yil 11-aprel kuni ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yangi hujjat tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy hisobot yuritishda yagona qoidalarni joriy etishga qaratilgan.

Standartning asosiy vazifasi hisobotlarning ishonchliligi, haqqoniyligi va qiyoslanuvchanligini oshirishdan iborat bo‘lib, u hisob siyosatini shakllantirish, baholash va xatolarni tuzatish tartibini belgilaydi. Mazkur standart aksariyat yuridik shaxslarga tatbiq etiladi va uning joriy etilishi moliyaviy shaffoflikni oshirish, investorlar uchun tushunarli muhit yaratish hamda biznesni xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid