
Falastin YeIni Isroilga chora ko‘rmaslikda aybladi
17.07.2025 | 11:4517623
Yevropa Ittifoqi davlatlari G‘azodagi mojaroga nisbatan loqaydlik ko‘rsatayotgani Falastin tomonidan keskin tanqid qilindi.

Falastin tashqi ishlar vaziri Varsen Agabekyan Yevropa Ittifoqini G‘azo va G‘arbiy Sohilda inson huquqlari ommaviy ravishda buzilayotganiga qaramay, Isroilga nisbatan hech qanday chora ko‘rmaslikda aybladi. U mazkur holatni «dahshatli va umidsizlikka soluvchi» deb baholadi. Bu haqda «Euronews» nashri xabar berdi.
Agabekyan ta’kidlashicha, YeIning tashqi ishlar vazirlari tomonidan tayyorlangan hisobotda Isroil tomonidan amalga oshirilgan 38 ta inson huquqlari buzilishi holati qayd etilgan. Biroq shunga qaramay, YeI haligacha hech qanday rasmiy chora ko‘rmagan. Vazir bu borada so‘zsiz qolishni «Ittifoq qadriyatlariga xiyonat» deb atadi.
Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda YeIga a’zo davlatlar Isroilga qarshi javob chorasi sifatida qurol embargosi joriy etish, ayrim amaldorlarga sanksiya qo‘llash va Isroilni Yevropa tadqiqot dasturlaridan chetlatish kabi 10 ta chorani muhokama qilgan. Biroq Germaniya, Avstriya, Vengriya va Chexiyaning qarshiligi tufayli umumiy kelishuvga kelinmagan.
BMTning 9 iyuldagi hisobotiga ko‘ra, G‘azo aholisining uchdan biri bir kunlik ovqatdan ham mahrum, sog‘liqni saqlash tizimi esa yonilg‘i yetishmasligi tufayli faoliyatni to‘xtatish arafasida.
Falastin vaziri YeIni o‘z tamoyillariga sodiq qolgan holda Isroilga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi.





