
Faqat birja orqali sotilishi shart bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati kengaytirildi
20.05.2025 | 11:3038403
2025 yil 15 iyuldan boshlab bir qator yuqori likvidli va monopol mahsulotlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotiladi. Bu tartib raqobatni oshirish va sun’iy narxlarni oldini olishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 11 apreldagi 220-sonli qarori bilan birja savdolarida narxlarning sun’iy o‘zgarishini cheklash va bozor tamoyillari asosida shaffof savdo muhitini ta’minlash maqsadida faqat birja orqali sotilishi shart bo‘lgan tovarlar ro‘yxati yanada kengaytirildi.
bugungi kunda 45 dan ziyod yuqori likvidli va monopol mahsulotlar aynan birja savdolari orqali amalga oshirilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, 2025 yil 15 iyuldan boshlab qator strategik ahamiyatga ega kimyoviy moddalar va xom ashyolar ham faqat birja orqali sotiladi.
Yangi ro‘yxatga xlorid kislotasi, nitrat kislotasi, natriy sianid, gipoxlorit, natriy, suyuq azot, suyuq xlor, rux belilasi, ferromolibden, bazalt, fosforit va dolomit uni kabi mahsulotlar kiritildi. Ular davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yoki bevosita davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lsa, faqat birja orqali sotilishi shart bo‘ladi.
Mazkur mexanizm barcha bozor ishtirokchilari uchun teng shart-sharoit yaratib, mahsulot sotuvida shaffoflikni ta’minlaydi. Shu bilan birga, mahsulotlarning haqiqiy bozor qiymatini aniqlashda zamonaviy birja asboblarini ishga solish imkonini beradi.
Hukumat fikriga ko‘ra, bu tartib xom ashyo bozorida teng taqsimotni ta’minlash, sun’iy narx pastlashuvini oldini olish va xufiyona iqtisodiyotga qarshi samarali kurash vositasi sifatida xizmat qiladi.





