
Farg‘ona vodiysidagi metan «zapravka»larning cheklangan ish vaqti ma’lum bo‘ldi
29-dekabr kuni vodiy viloyatlarida metan «zapravka»lar 3 soat davomida ishlaydi.

29-dekabr kuni Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi metan gaz quyish shoxobchalari soat 10:00 dan 13:00 gacha ishlaydi. Bu haqda hududlarning gaz ta’minoti bo‘yicha mas’ul tuzilmalari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni kunda Andijon viloyatida mavjud 143 ta metan «zapravka»ning 136 tasi to‘liq quvvatda faoliyat yuritmoqda. Qolgan qismida esa texnik yoki tashkiliy sabablarga ko‘ra vaqtinchalik cheklovlar saqlanib turibdi. Viloyat kesimida ishlayotgan shoxobchalar ro‘yxati ochiq manbalarda e’lon qilingan.
Farg‘ona viloyatida esa jami 173 ta metan gaz quyish shoxobchasidan 165 tasi to‘liq quvvatda xizmat ko‘rsatmoqda. Mas’ullar ta’kidlashicha, mavjud resurslardan oqilona foydalanish orqali avtotransport egalari uchun minimal qulaylikni ta’minlash maqsad qilingan.
Namangan viloyatida mavjud 134 ta metan «zapravka»ning 130 tasi to‘liq quvvatda faoliyat yuritmoqda. Qolgan qismida esa texnik yoki tashkiliy sabablarga ko‘ra vaqtinchalik cheklovlar saqlanib turibdi. Viloyat kesimida ishlayotgan shoxobchalar ro‘yxati ochiq manbalarda e’lon qilingan.
Metan zapravkalar ish vaqtiga cheklov joriy etilishi avvalroq, 12-dekabr kuni boshlangan edi. Ushbu qaror gaz ta’minotidagi vaqtinchalik muammolar bilan bog‘liq ekani rasman ma’lum qilingan.
Xususan, qo‘shni davlat hududida gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan texnik nosozliklar oqibatida O‘zbekistonga import qilinayotgan tabiiy gaz hajmi qisqargan. Bu esa ichki bozorda gaz taqsimoti rejimini vaqtincha qayta ko‘rib chiqishni talab etgan.





