
Farg‘onada 153 mln so‘mlik kredit firibgarligi fosh etildi
02.06.2025 | 14:0020764
Farg‘onada Xalq banki xodimlari va hokim yordamchilari boshqa fuqarolar nomiga soxta hujjatlar orqali 153 million so‘mlik kredit ajratib, mablag‘ni talon-toroj qilgani aniqlandi.

Farg‘ona viloyatida Xalq banki xodimlari va ikki nafar tuman hokimi yordamchilari tomonidan yirik miqdordagi kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish holati aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxslar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lum qilinishicha, Xalq bankining O‘zbekiston bank xizmatlari markazida ishlovchi mahalla bankiri va boshqaruvchining o‘rinbosari avvaldan til biriktirib, ikki nafar fuqaro nomiga 66 million so‘mlik kredit ajratish orqali 10 million so‘m pora talab qilgan. Mahalla bankiri aynan pora olayotgan paytda qo‘lga tushgan.
Tekshiruvlar davomida ushbu shaxslar avvalroq ham pora olgani ma’lum bo‘ldi — bank xodimi 600 ming so‘m, uning rahbari o‘rinbosari esa 920 ming so‘mni olgan.
Bundan tashqari, ushbu mansabdorlar ikki nafar hokim yordamchisi va xususiy korxona rahbari bilan hamkorlikda boshqa fuqarolar nomiga soxta hujjatlar tayyorlab, umumiy 153 million so‘mlik kredit mablag‘ini ajratishga erishgan. Ajratilgan mablag‘lar naqd pulga aylantirilib, shaxsiy manfaatlar yo‘lida ishlatilgan.
Ayblanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi (firibgarlik, mansabdor shaxslar tomonidan takroriy ravishda yoki bir guruh shaxslar bilan til biriktirib amalga oshirilgan holda) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
E’tiborlisi, mazkur ishda ayblanayotgan markaz boshqaruvchisi o‘rinbosari avval 2000 va 2015 yillarda ham shunga o‘xshash jinoyatlar — firibgarlik va pora olish bilan sudlangan bo‘lgan.





