
Farg‘onada ommaviy bezorilikda ayblangan Otabek Vallomov 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi
25.07.2025 | 16:3522013
Farg‘ona shahridagi kompyuter klubida sodir etilgan ommaviy bezorilik jinoyati bo‘yicha mashhur tadbirkorning o‘g‘li Otabek Vallomov va yana besh nafar yosh yigit ozodlikdan mahrum etildi. Sud ayblanganlarning qilmishini og‘ir jinoyat sifatida baholamoqda.

Kun.uzʼning ma’lum qilishicha, 2025 yil 21 fevral kuni Otabek Vallomov va uning sheriklari «Verona» kompyuter klubida jamoat tartibini buzib, xodimlarni kaltaklashgan. Ulardan biri — klub ish yurituvchisiga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Vallomov klubda shovqinli o‘yin paytida xodim bilan janjallashganini va onasi haqorat qilinganidan keyin qo‘l ko‘targanini aytgan.
Ammo jabrlanuvchi F.Xudoynazarov bunday haqorat qilmaganini ta’kidlab, o‘z ishini jamoat tartibini saqlash maqsadida bajarganini aytgan. Sud jarayonida Vallomov qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, yengillik so‘ragan.
Jabrlanuvchilar yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar qoplanganini, sudlanuvchilarga nisbatan da’vo qilish niyati yo‘qligini ma’lum qilishdi. Sud shu ma’lumotlarni e’tiborga olgan holda, jinoyatlarning og‘irlik darajasiga qarab, barcha ayblanuvchilarni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
Otabek Vallomov Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi va 104-moddasi 2-qismi bo‘yicha 6,5 yilga, uning besh nafar sherigi esa 5,5 yildan qamoq jazosiga mahkum etildi. Sud hukmi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham o‘zgarishsiz qoldirildi.
Mazkur ish jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Chunki sudlangan Otabek Vallomov Farg‘onadagi mashhur  tadbirkor Baxtiyor Vallomovning o‘g‘li ekani bilan ham e’tiborni tortgan.





