
Farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari yangi modul orqali amalga oshiriladi
Hukumat qarori bilan davlat xaridi elektron tizimi operatorining elektron tizimida «Farma.xarid.uz» moduli yaratiladi. Davlat xaridlari majburiy ravishda ushbu modul orqali amalga oshiriladi.

21-noyabrda Vazirlar Mahkamasining «Farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 737-sonli qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga ko‘ra, davlat xaridi elektron tizimi operatorining elektron tizimida «Farma.xarid.uz» moduli yaratiladi. Davlat buyurtmachilari tomonidan dori vositalari va tibbiy jihozlar bo‘yicha davlat xaridlarini majburiy ravishda ushbu modul orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1-iyuldan quyidagilarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlari bilan dori vositalari va tibbiy jihozlar bo‘yicha davlat xaridlarida ishtirok etishiga ruxsat beriladi:
dori vositalari bo‘yicha «Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)» sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchilar;
tibbiy jihozlar bo‘yicha «ISO:13485» sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchilar;
«Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)» sertifikatiga ega dori vositalarini ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar (distribyutorlar).
Shuningdek, 2026 yil 1-martdan Andijon va Namanganda ro‘yxatdan o‘tgan davlat buyurtmachilari, 2026 yil 1-iyuldan barcha davlat buyurtmachilari tomonidan farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari mazkur modul orqali amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1-yanvardan «Pharma.gov.uz» portalida davlat xaridlari sohasida foydalaniladigan tovarlarning milliy klassifikatoridan foydalanib hamda xaridlar hajmlarini ko‘rsatgan holda, barcha farmatsevtika mahsulotlarining reyestri e’lon qilib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, 10-noyabr kuni Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda aholi daromadlarining katta qismini dori-darmonga sarflayotganini ta’kidlagan edi.





