
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish: Prezident tizimni yangilash bo‘yicha vazifalar belgiladi
09.10.2025 | 08:1912134
Ayni paytda favqulodda holatlarning 70 foizdan ziyodi aholi xonadonlarida yuzaga kelayotgani, bunga sabab sifatida nosoz gaz va elektr jihozlari, xavfsizlik madaniyatiga amal qilinmasligi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Davlat rahbari aholi xavfsizligini eng katta ne’mat sifatida ta’kidlab, bu sohada yangi va proaktiv yondashuv zarurligini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, sohada 30 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa-da, hozircha favqulodda vaziyatlar muhofazasi bo‘yicha yagona kompleks dastur mavjud emas. Shuningdek, 16 yil oldin qabul qilingan «Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun ham zamon talablariga javob bermaydi.
Prezident favqulodda vaziyatlarni oldindan baholaydigan, tezkor va raqamli yechimlarga asoslangan tizim yaratish vazifasini qo‘ydi. Hozir profilaktika ishlari asosan davlat idoralari tomonidan amalga oshirilayapti, ammo favqulodda holatlarning 70 foizdan ziyodi aholi xonadonlarida yuzaga kelmoqda. Sabab — nosoz gaz va elektr jihozlari, xavfsizlik madaniyatiga amal qilinmasligi.
Shu bois tizim faoliyati mahalla darajasiga tushirilib, har bir xonadon va ko‘chada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi. Prezident sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi past ekanini qayd etib, favqulodda holat haqida xabar berishdan to uni bartaraf etishgacha bo‘lgan jarayonlarni raqamlashtirish vazifasini yuklatdi.
Shuningdek, zamonaviy qutqaruv texnikasi va jihozlarini ko‘paytirish, ularni mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. «Yashil» texnologiyalar fonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi xavflarni baholash va ularga qarshi mutaxassislar tayyorlash muhimligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida dual ta’lim tizimini joriy etish, malaka oshirish markazini tashkil qilish va ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.





