add

Fermerga to‘pponcha o‘qtalgan IIB xodimi, keskin qimmatlagan tuxum va go‘sht, qishga tayyorlanayotgan energetika tizimi — 1 oktyabr dayjesti

01.10.2025 | 22:005719

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Fermerga to‘pponcha o‘qtalgan IIB xodimi, keskin qimmatlagan tuxum va go‘sht, qishga tayyorlanayotgan energetika tizimi — 1 oktyabr dayjesti
O‘zbekistonda sentyabr oyida inflyatsiya 0,6 foiz bo‘ldi. Yillik ko‘rsatkich — 8,0 foiz Sabzavot va mevalarsiz hisoblaganda, sentyabr oyida IMI 0,5 foizga o‘sdi, yillik ko‘rsatkich esa 8,9 foizni tashkil etdi. Bu 2024 yil sentyabrida qayd etilgan 11,8 foizlik ko‘rsatkichdan ancha past. Ovqat mahsulotlari bo‘yicha sentyabrda ayrim turdagi mahsulotlar keskin qimmatladi. Jumladan, tuxum narxi 6,5 foizga, lahm go‘sht 1,8 foizga, suyakli mol go‘shti 1,7 foizga, qo‘y go‘shti 1,5 foizga, parranda go‘shti 1,2 foizga, quruq pishloq 1,2 foizga oshdi. Shu bilan birga, sut va sut mahsulotlari o‘rtacha 0,6 foizga qimmatladi. Ayrim mahsulotlarda narx pasayishi kuzatildi: masalan, guruch 0,4 foizga, qaymoqli sut 0,3 foizga, choy 0,2 foizga, javdar non esa 0,1 foizga arzonladi. Sabzavot va mevalarda eng katta o‘sish pomidor (16,9 foiz), qalampir (10,4 foiz), sabzi (7,7 foiz) va tarvuz-qovunlarda (5–6 foiz) qayd etildi. Shu bilan birga, piyoz (3,6 foiz), karam va bodring (2,2 foiz), limon (1,9 foiz) va olma (1,2 foiz) narxlari pasaydi. Kommunal xizmatlarda ham o‘zgarishlar kuzatildi. Navoiy viloyatida ichimlik suvi va kanalizatsiya, Qashqadaryoda chiqindilarni chiqarish, Toshkent viloyatida esa issiq suv va issiqlik uchun tariflar oshirildi. Uy-joy ta’miri uchun sarflanadigan qurilish materiallari 1 foizga qimmatladi.   O‘zbekistonda o‘qituvchilarning 71 foizini ayollar tashkil qiladi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar umumiy soni 564,9 ming nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2015/2016 o‘quv yiliga nisbatan 170,9 ming nafarga ko‘p bo‘lib, o‘sish 43,4 foizni qayd etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qituvchilarning katta qismi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 401,3 ming nafar yoki 71 foizini ayollar, 163,6 ming nafar yoki 29 foizini erkaklar tashkil etgan. Bu ta’lim sohasida ayollarning yetakchi o‘rni saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Oxirgi o‘n yillikda o‘qituvchilar soni bosqichma-bosqich oshib borgan. Masalan, 2015/2016 o‘quv yilida 385 ming nafar bo‘lgan o‘qituvchilar 2019/2020 yilda 486,6 ming nafarga, 2023/2024 yilda esa 547,8 ming nafarga yetdi.   O‘zbekiston energetika tizimi qish mavsumidagi yuqori yuklamalarga tayyorlanmoqda O‘zbekistonda 2025 yil kuz-qish mavsumida elektr energiyasiga talab rekord darajada oshishi — sutkasiga 300 mln kVt/soat va tarmoq yuklamasi 13 GVtdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. «Milliy elektr tarmoqlari» rahbarining aytishicha, 5 oktyabrga qadar tizim to‘liq tayyorlanadi. Toshkentda 64 mlrd so‘mlik infratuzilmani yangilash dasturi amalga oshirilmoqda: 319 km kabel almashtiriladi, 48 transformator yangilanadi. Shuningdek, isitish mavsumi oldidan 661 uyda ta’mirlash ishlari jadallashtirilgan. Gaz ta’minoti uchun 330 ming tonna suyultirilgan gaz zaxira qilingan, hududlarga 40 mingdan ortiq ballon tarqatilgan. 2030 yilga qadar mamlakatda «yashil» energetika ulushi 25%ga yetkazilib, quyosh va shamoldan qo‘shimcha 12 GVt quvvat ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Toshkent yerusti metrosining vaqtincha yopilgan bekatlari 18 oktyabrdan qayta ishga tushadi Metropoliten rahbariyati ma’lum qilishicha, ishlar yakuniga yetib bormoqda. Hozirda poydevor infratuzilmasi va harakat xavfsizligi bilan bog‘liq tekshiruvlar olib borilmoqda. Yo‘nalishda poyezdlar ayni paytda sinov tariqasida yo‘lovchilarsiz harakatlanmoqda. Bu jarayon orqali tizimning texnik tayyorgarligi va xavfsizlik ko‘rsatkichlari baholanadi. Agar sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, «O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi» yerusti halqa yo‘li bekatlari joriy yilning 18 oktyabridan yo‘lovchilar uchun ochilishi kutilmoqda. Bu sanaga qadar metropoliten tizimida zarur xulosalar tayyorlanib, yo‘nalish faoliyati tiklanishi haqida qo‘shimcha axborot ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilinadi. Shu tariqa poytaxt yo‘lovchilari yaqin kunlarda yo‘nalishdan yana foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.   Farg‘onada IIB xodimlari fermer uyiga kirib, unga to‘pponcha o‘qtaldi Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida ichki ishlar organlari xodimlari mahalliy fermer uyiga kirib, unga nisbatan bosim o‘tkazgan. Xususan, «Buloqboshi gulshani» fermer xo‘jaligi rahbari hodisa chog‘ida unga zo‘ravonlik qilinganini va hatto to‘pponcha o‘qtalganini iddao qilmoqda. Uning aytishicha, mojaro paytida onasi ham jabrlangan. Fermero‘z majburiyatlarini bajarganini, g‘alla hosilini yashirmaganini ta’kidladi. Rishton hokimligi fermerlar davlat oldidagi vazifalarini bajarishi shartligini bildirib, videolar hali o‘rganilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, boshqa bir fermer kimyoviy vosita topshirmagani uchun 5 sutkaga qamalgani ma’lum qilindi. Biznes-ombudsman fermerlarga asossiz tazyiq o‘tkazilishi mumkin emasligini ta’kidlab, holatni o‘rganayotganini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid