add

Fermerlar yerni oila a’zolari nomiga o‘tkazishi mumkin bo‘ladi

14.10.2025 | 17:3022103

O‘zbekistonda fermerlar boshqa ishga o‘tganda yer uchastkasini davlatga qaytarmasdan, uning ijara huquqini oila a’zolaridan biriga rasman o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Bu xuquqiy islohot yer munosabatlarida yangi bosqichni boshlaydi.

Fermerlar yerni oila a’zolari nomiga o‘tkazishi mumkin bo‘ladi
14 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida fermerlar va yerdan foydalanuvchilar huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan yangi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat xususan, fermerlar o‘zlari ijaraga olgan qishloq xo‘jaligi yerlarini endi davlatga qaytarmasdan, oila a’zolaridan biriga o‘tkazish imkonini nazarda tutadi. Qonun loyihasining asosiy maqsadi — xususiy mulk huquqi kafolatlarini kuchaytirish va qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishni ta’minlashdir. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda keng islohotlar amalga oshirilmoqda, xususan, mulkdorlar huquqlarini himoya qilish va fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilgan. Majlisda ta’kidlanishicha, ayrim holatlarda yer ijarasini boshqa shaxsga o‘tkazish yoki qayta ijaraga berish bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlar fermerlar faoliyatini cheklab kelgan. Yangi hujjatda bu amaliyotning huquqiy asoslari belgilab beriladi. Shuningdek, loyihaga ko‘ra, tovarlar va xizmatlar bozoriga noqonuniy aralashish yoki to‘siq yaratish uchun javobgarlik belgilanadi. Bu orqali iqtisodiy faoliyat erkinligini ta’minlashga qaratilgan tartib joriy etiladi. Qonunning qabul qilinishi xususiy mulk huquqini yanada mustahkamlab, fermerlar va yer foydalanuvchilarning kafolatlangan huquqlarini himoya qilish hamda yer resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2025 yil 12 sentyabrdagi farmoniga ko‘ra, yer ijarasi huquqi fuqarolar uchun 30 yilga, xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun esa 25 yilgacha belgilangan edi.

Teglar

Mavzuga oid