
«Fermerlarning 99 foizida QQS yo‘q» — soliq muammosi ochiq muloqotda ko‘tarildi
18.07.2025 | 20:0046135
BMB Holding kuzatuv kengashi raisi ta’kidlashicha, ko‘plab fermerlar mahsulotlarini naqd pulga sotib, hujjatlarni rasmiylashtirishdan bosh tortmoqda.

2025 yil 18 iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan ochiq muloqotda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini 1 foizgacha kamaytirish taklif qilindi.
BMB Holding kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulovning ta’kidlashicha, fermerlarning 99 foizi QQS to‘lamaydi va hech qanday hujjat taqdim etmaydi.
Mamatqulovning aytishicha, eksportchilar mahsulotlarning 90 foizini rasmiy, bank orqali sotib oladi. Ammo qolgan 10 foizini naqd pulga xarid qilishga majbur, chunki fermerlar hujjat taqdim qilmaydi.
«Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 90 foizini bank hisob raqamlari orqali rasmiy ravishda xarid qilamiz. Lekin tan olishim kerak: qolgan 10 foizini naqd pulga sotib olamiz, chunki fermerlar bilan boshqacha ishlashning iloji yo‘q. Biz pul o‘tkazamiz, fermerlar mahsulot yetishtiradi va yetkazib beradi. Biroq, mahsulotni olib ketayotganimizda hujjatlarni bermaydi. Har yigirmata fermerga bitta buxgalter to‘g‘ri keladi, keyinchalik uni daromadni rasmiylashtirishga ko‘ndirish uchun yillar ketadi. Bu hujjatlarni olishda yordam so‘rab turli idoralarga murojaat qilamiz, ammo fermerlarning yarmidan ko‘pi ularni umuman bermaydi. Natijada soliq xodimi kelib so‘raydi: mahsulot qoldiqlari qani? Bu eng dolzarb muammolardan biri va buni ochiqchasiga tan olish kerak», deya ta’kidladi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligidagi eng katta yuk 12 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘idir. Mamatqulov QQSni ma’lum muddatga — 2−3 yilga 1 foizgacha pasaytirishni taklif qildi.
U, shuningdek, Turkiyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS 1% etib belgilanganini ta’kidlab, gaz yetishmovchiligi tufayli kartoshka va pomidor yetishtirish zarar bilan yakunlanayotganini aytdi.
«bugungi kunda fermerlarning 99 foizida QQS yo‘q va bu hech kimga sir emas. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun 12 foizlik QQS stavkasi joriy etilganda, men darhol qarshi chiqdim, chunki bu faqat sohaga soliq yukini oshirdi» - deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.
Mamatqulov qishloq xo‘jaligi sohasida biznes jarayonlarni yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli davr ajratishni so‘radi.
SSP rahbari bu masalani Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari bilan ko‘rib chiqishga va’da berdi.





