add

FIFA 2026 yilgi jahon chempionati uchun 60 dollarlik chiptalar chiqaradi

Bugun 18:441012 daqiqa

Futbol muxlislarining keskin tanqidlaridan so‘ng Jahon chempionati uchun cheklangan miqdordagi arzon chiptalar sotuvga chiqariladi.

FIFA 2026 yilgi jahon chempionati uchun 60 dollarlik chiptalar chiqaradi

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) jamoatchilik tanqidlaridan so‘ng 2026 yilgi jahon chempionati chiptalari narxini pasaytirdi. Endilikda ayrim muxlislar chiptalarni $60 evaziga xarid qilishlari mumkin bo‘ladi, biroq milliy federatsiyalar bu chiptalarni eng sodiq muxlislar o‘rtasida qanday taqsimlashni o‘zlari hal qilishadi.

ESPN xabariga ko‘ra, 2026 yilgi jahon chempionatining har bir o‘yini uchun $60 lik chiptalar ajratiladi. Bunday chiptalar turnirda ishtirok etuvchi jamoalarning milliy federatsiyalariga topshiriladi. Federatsiyalar esa bu chiptalarni eng ashaddiy muxlislarga qanday tarqatish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qiladi.

OAVning qayd etishicha, har bir o‘yin uchun $60 lik chiptalar soni minglab emas, balki yuzlab bo‘lishi kutilmoqda. FIFA narx strategiyasini nega bunchalik keskin o‘zgartirganiga aniqlik kiritmadi, biroq narxlarning tushirilishi «turnir davomida o‘z milliy jamoalari bilan birga sayohat qilayotgan muxlislarni yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini» ma’lum qildi.

Noroziliklar va tanqidlar

Avvalroq Yevropa futbol muxlislari assotsiatsiyasi (FSE) JCH-2026 chiptalari narxini «talonchilik» deb atagan va ularning sotuvini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan edi. Ma’lum qilinishicha, agar muxlis finalgacha bo‘lgan barcha o‘yinlarga chipta sotib olsa, bu unga $7000 dan ko‘proqqa tushishi mumkin edi.

FIFA arzon toifadagi chiptalarni joriy etish haqida qaror qabul qilganidan keyin ham, Football Supporters Europe muxlislar tashkiloti bu o‘zgarishlarni «yarashish uchun yetarli emas» deb baholadi. Shuningdek, ular imkoniyati cheklangan muxlislar va ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar uchun aniq narx tuzilmasi yo‘qligiga e’tibor qaratishdi.

«Hozircha biz FIFA'ning bu bayonotini butun dunyodagi salbiy reaksiyadan so‘ng muxlislarni tinchlantirish taktikasi sifatida baholaymiz», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer ham FIFA'ni yanada kengroq qadamlar tashlashga chaqirdi. U o‘z ijtimoiy tarmoqlarida: «Men FIFA'ning chiptalar narxini pasaytirish haqidagi qarorini olqishlayman. Ammo Angliya terma jamoasi o‘yinlari uchun pul jamg‘argan inson sifatida, jahon chempionati bu o‘yinni o‘zgacha qiladigan haqiqiy muxlislar bilan aloqasini yo‘qotmasligi uchun FIFA'ni narxlarni yanada qulayroq qilishga chaqiraman», - deb yozdi u.

Bundan yetti yil avval, Amerika futbol mutasaddilari turnirni o‘tkazish uchun ariza topshirishganda, ularning maqsadi ilk o‘yinlar uchun 21 dollarlik yuz minglab chiptalarni taklif qilish bo‘lgan edi. Taqqoslash uchun, AQSH oxirgi marta 1994 yilda jahon chempionatiga mezbonlik qilganda chipta narxlari 25 dollardan 475 dollargacha bo‘lgan. 2022 yilda Qatarda esa narxlar 70 dollardan 1600 dollargachani tashkil etgan.

2026 yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Turnirda rekord darajadagi 48 ta jamoa ishtirok etadi va jami 104 ta o‘yin o‘tkaziladi. Ilk o‘yin 11-iyun kuni Mexikodagi «Asteka» stadionida bo‘lib o‘tsa, final uchrashuvi 19-iyulga AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi «Metlayf Stadium»da rejalashtirilgan. Bronza medali uchun bahs esa Mayamida o‘tkaziladi.

Teglar

Mavzuga oid