
Firibgarlarga 52 mln rublga chuv tushgan MDU professori o‘z joniga qasd qildi
27.05.2025 | 20:0029002
Iqtisod fanlari doktori, Moskva davlat universiteti professori Boris Boyarinsev firibgarlar qo‘liga 52 million rublni qo‘shqo‘llab topshirgach, shahar tashqarisida o‘z joniga qasd qildi.

78 yoshli Boris Boyarinsevning jasadi do‘stiga tegishli shahar tashqarisidagi hammomning bug‘xonasida topildi. Tanishlarining bildirishicha, professor so‘nggi kunlarda juda tushkun ahvolda bo‘lgan va moliyaviy muammolardan shikoyat qilgan. U bilan so‘nggi marta uchrashgan do‘sti u ruhan singanini aytgan.
Marhumning shaxsiy buyumlari orasidan huquq-tartibot organlari tomonidan ochilgan jinoyat ishi haqidagi hujjat nusxasi topilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u 2024 yil dekabridan beri noma’lum shaxslarga paydar-pay 52,6 million rubl pulni berib yuborgan. Bu mablag‘ning katta qismi professorga tegishli ikki uyning sotuvidan tushgan puldan iborat bo‘lgan.
Mash telegram-kanali Boyarinsev «ukrain firibgarlarining qurboni»ga aylanganini ma’lum qildi. Ular u bilan telefon orqali muloqot qilib, turli bahonalar bilan uning ishonchini qozongan va yirik mablag‘larni o‘zlashtirishgan.
TASS agentligi Rossiya IIV manbasiga tayanib, mazkur holatni tasdiqladi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.





