
Fitch: O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar 2026 yilda keskin oshishi mumkin
Fitch Ratings’ning CIS+ davlatlari bo‘yicha yangilangan prognozida O‘zbekiston bank sektorida 2026 yilda barqarorlik saqlanishi aytilgan bo‘lsa-da, muammoli kreditlar ulushi yanada oshishi ta’kidlandi.

Agentlik tahlillariga ko‘ra, kelasi yil banklar moliyaviy ko‘rsatkichlari umumiy barqarorlikka ega bo‘ladi, biroq eski xavflarni tan olish jarayoni davom etishi tufayli muammoli kreditlar o‘sishi kutilmoqda. Bu holat sektor daromadliligiga bosim o‘tkazadi va ayrim banklarda kapital yukini oshiradi.
Fitch 2026 yilda muammoli kreditlar ulushi umumiy kreditlar portfelida 9–10 foizga yetib, maksimumga chiqishini bashorat qilmoqda. Eski xavflarning davlat banklarida to‘planib kelgani, shuningdek chakana kreditlar «pishib yetilgani» natijasida mikroqarzlar bo‘yicha ham yo‘qotishlar ko‘payishi taxmin qilingan. Agentlik MHXS mezonlariga ko‘ra, 3-bosqich qadrsizlangan kreditlar «muammoli kredit» sifatida baholanishini eslatgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov: «Pandemiyadan keyin yana avjiga chiqqan ma’muriy kreditlash va banklarning noxos vazifalarga undalishi, mahallabaydan tortib tijoriy binolar qurilishigacha turli byurokratik avantyuralarda ishtirok etishga majburlash natijasida sektorda muammoli aktivlar yetarlicha jamlanib qolgan. Ha, banklar chakana sektoriga o‘lchovsiz va tayyorgarliksiz kirgani, ayniqsa mikroqarzlar bozorida faollashgani natijasida yig‘ilgan muammolar ham yetarlicha», — deya fikr bildirgan.
Iqtisodchiga ko‘ra, muammoli kreditlarni tan olishni ortga surish to‘g‘ri emas. Agar tan olish natijasida kapital yoki likvidlik bo‘shliqlari aniqlansa, davlat banklari bu muammolarni o‘z hisobidan bartaraf etishi kerak. 2026 yilda davlat banklari kapitalini byudjetdan qo‘shimcha mablag‘ bilan to‘ldirish rejalashtirilmayotgani ham ta’kidlanadi.





