Fors ko‘rfazi mamlakatlari AQSH himoyasiga shubha bilan qaramoqda — Foreign Policy
AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan keyin Tehronning javob hujumlari Fors ko‘rfazi davlatlarini xavf ostida qoldirdi.

AQSH va Isroilning Eronga birgalikda amalga oshirgan zarbalaridan so‘ng, Tehronning Fors ko‘rfazi davlatlariga yo‘llagan javob hujumlari mintaqa mamlakatlarini ixtilof girdobiga tortdi. Bu esa o‘z navbatida mazkur davlatlarni Amerika beradigan xavfsizlik kafolatlariga shubha bilan qarashga majbur qilmoqda, deb yozadi «Foreign Policy» nashri.
AQSH xavfsizlik kafolatlariga ishonch susaymoqda
Nashrning qayd etishicha, mintaqa davlatlari Qo‘shma Shtatlarning ularni ehtimoliy tahdidlardan himoya qilish qobiliyatiga yoki bu boradagi xohishiga «endi ishona olmaydi». Bundan tashqari, ushbu mamlakatlar hozirda Isroil bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsa-da, kelajakda unga potensial ittifoqchi sifatida emas, balki xavf manbai sifatida qaray boshlaydi.
FP’ning yozishicha, Fors ko‘rfazi davlatlari AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy ishtiroki kuchayishi va Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda oldinga siljish yo‘qligi fonida harbiy qarama-qarshilik muqarrar ekanini allaqachon tushunib yetgan edi. Shu bilan birga, ular mojaroning geografiyasi Eron va Isroil bilan chegaralanishini va bu Eron rahbariyatini «ancha pragmatik avtokratlar» bilan almashtirishga olib kelishini va oqibatlar qo‘shnilarga ta’sir qilmasligini kutishgan.
Eronning javob zarbalari
Biroq Tehronning javob harakatlari tufayli bunday ssenariy darhol yo‘qqa chiqdi. Eron Yaqin Sharqdagi, xususan, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt, Qatar va Umonda joylashgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining asosiy harbiy bazalariga hujum qildi. Bu zarbalardan fuqarolik infratuzilmalari hamda neft va gaz sanoati obyektlari ham chetda qolmadi. Ayni vaqtda Eron tankerlarga hujum qilish bilan tahdid qilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ydi. Bu esa neft va gaz narxlarining keskin ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘ldi hamda dengiz orqali yuk tashuvchi kompaniyalarni o‘z yo‘nalishlarini o‘zgartirishga majbur qildi.
Vashington uchun «syurpriz»
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning mintaqa mamlakatlaridagi obektlarga bergan zarbalari Qo‘shma Shtatlar uchun «eng katta syurpriz» bo‘lganini aytdi.





