
Foydasi keskin oshgan «Navoiyuran», xavfli darajaga yetgan Toshkent va Andijon havosi hamda “Made from US Cotton” — 11-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Dunyo brendlari bilan ishlash maqsadida O‘zbekiston AQSHdan 100 ming tonna paxta sotib oladi
O‘zbekiston dunyo brendlari bilan ishlash va premium bozorlarga chiqish maqsadida AQSHdan 100 ming tonna paxta sotib oladi. 6-noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va AQSH savdo vaziri Hovard Latnik qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. «O‘zsanoateksport» va Cargill korporatsiyasi o‘rtasida paxta yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
Amerikalik paxta asosan sertifikat talab qiladigan buyurtmalar uchun foydalaniladi. Samarkand Apparel kompaniyasi AQSH paxtasi va mahalliy xomashyo aralashmasidan xalqaro brendlar uchun mahsulot ishlab chiqarishni boshladi. Bu orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar “Made from US Cotton” belgisi bilan xalqaro bozorda ishonch va talabni oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Toshkentda chiqindidan qarzdor 6 ming fuqaroning elektr to‘loviga cheklov qo‘yildi
Toshkent shahrida chiqindi xizmatlariga to‘lovni amalga oshirmagan fuqarolarga nisbatan qattiq choralar ko‘rilmoqda. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi ma’lumoticha, 2025 yil 7-martda qabul qilingan qonun asosida qarzdorlar ro‘yxati har oy «Toza makon» tizimi orqali «Hududiy elektr tarmoqlari»ga yuborilmoqda. 5-noyabr holatiga ko‘ra, chiqindi xizmatlari bo‘yicha umumiy qarz 2,2 milliard so‘mga yetgan va 25 mingdan ziyod abonentga SMS orqali ogohlantirish yuborilgan. Belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirmagan 6 ming fuqaroning elektr amaliyotlari vaqtincha cheklangan.
Agentlik ma’lum qilishicha, bu chora fuqarolarning to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, qarzdorlik bartaraf etilgan zahoti cheklov bekor qilinadi. Hozirgi paytda Toshkentdagi umumiy qarzdorlik hajmi 582 million so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda. Yangi tizim 1-iyuldan keyingi qarzdorliklarga tatbiq etiladi, 30-iyungacha bo‘lgan qarzlar esa bu jarayondan mustasno. Dekabr oyidan boshlab mazkur amaliyot respublika bo‘ylab joriy etilishi rejalashtirilgan.
Dunyoda o‘zbek uraniga talab ko‘paygani fonida «Navoiyuran» foydasi keskin oshdi
Jahonda atom energetikasiga bo‘lgan qiziqish oshgan bir paytda, O‘zbekistonning «Navoiyuran» kompaniyasi foydasi ham keskin o‘sdi. 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida korxona 3,7 trln so‘m sof foyda qayd etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 28,6 foizga ko‘p. Faqat uchinchi chorakdagi foyda 1,9 trln so‘mga yetib, 149 foizga oshgan. Kompaniya iyunda London fond birjasida 300 mln dollarlik yevroobligatsiya joylashtirgan va 2026 yilda IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Fitch kompaniyaning kredit reytingini “BB / barqaror” darajasiga oshirgan bo‘lib, S&P tomonidan ham yaqinda baholash kutilmoqda.
Uran narxi so‘nggi yilda bir funt uchun 83,45 dollargacha ko‘tarilib, bozordagi talab oshishini ko‘rsatdi. World Nuclear Association ma’lumoticha, 2030 yilgacha jahon uran talabining 28 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu holat AQSH, Xitoy va Hindistondagi energiya ehtiyojining ko‘payishi bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo uran bozorida yetakchi bo‘lib, dunyoda qazib olinayotgan uranning 44 foizi Qozog‘iston, 7 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mutaxassislar fikricha, kelgusi yillarda uran tanqisligi ortib, mintaqa davlatlarining strategik ahamiyati yanada kuchayishi mumkin.
Toshkent va Andijonda havo ifloslanishi xavfli darajaga yetdi
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 10-noyabr kechasidan boshlab Toshkent va Andijon shaharlarida havo ifloslanishi xavfli darajaga yetdi. Poytaxtda RM2,5 turidagi mayda zarralar konsentratsiyasi 143 mkg/m³ ni tashkil etib, milliy me’yordan qariyb 2,5 barobar yuqori bo‘ldi. Shuningdek, RM10 zarralar miqdori 189 mkg/m³ atrofida qayd etildi. Mutaxassislar ifloslanish asosan kechqurun va tong paytlarida kuchayayotganini ta’kidlab, aholiga uyda bo‘lish va havo tozalash vositalaridan foydalanishni tavsiya qildi.
Andijonda vaziyat yanada og‘ir: shaharda RM2,5 zarralar konsentratsiyasi 314 mkg/m³ ga yetdi, bu ko‘rsatkich me’yordan 9 barobar yuqori. Mahalliy hokimlik aholidan niqob taqish va tashqi faoliyatni cheklashni so‘radi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yorlariga ko‘ra, RM2,5 zarralar sutkalik 15 mkg/m³, RM10 zarralar esa 45 mkg/m³ dan oshmasligi kerak. Bu holat Toshkent va Andijonda ekotizim va aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda 2025 yilning oktabri — eng qurg‘oqchil va eng issiq oylardan biri bo‘ldi
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktabri O‘zbekiston uchun illik va quruq ob-havosi bilan ajralib turdi. Harorat ko‘p yillik me’yordan o‘rtacha 1,5–2,7°C yuqori bo‘ldi, ayrim hududlarda yomg‘ir deyarli kuzatilmadi. Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik nolga yaqin bo‘lgan, Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘istonda esa 7–12 mm atrofida yog‘in qayd etilgan. Bu holat iqlim o‘zgarishining yaqqol belgisi sifatida baholanmoqda.
Tog‘li hududlarda nisbatan ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilib, Toshkent viloyatida yomg‘ir miqdori 50–100 mmga yetdi. Oktyabr oxirida Oygaing meteostansiyasida ilk bor 10 smgacha qor qoplami qayd etildi. Janubiy va cho‘l hududlarda shamol tezligi soniyasiga 18 metrgacha yetgan, bu esa chang-to‘zonli holatlarni kuchaytirgan. Umuman olganda, 2025 yil oktabri mamlakatdagi eng qurg‘oqchil va issiq oylardan biri sifatida tarixga kirdi.





