add

Fransiya «Grinch»ni hibsga oldi

29.01.2026 | 11:352 daqiqa

Fransiyada Rossiyaning «soya flot»i bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin deb gumon qilinayotgan «Grinch» neft tankeriga nisbatan ma’muriy hibs joriy etildi. Oldinroq hibsga olingan kema kapitani ozod qilindi va kemaga qaytdi.

Fransiya «Grinch»ni hibsga oldi

Kecha, 28-yanvar kuni Fransiya hukumati Rossiyaning «soya flot»iga aloqador bo‘lishi mumkin degan gumon bilan ushlab qolingan «Grinch» neft tankeriga nisbatan ma’muriy hibs chorasini qo‘lladi. Bu haqda Marsel prokuraturasi bayonotiga tayanib, «Reuters» agentligi xabar berdi.

58 yoshli Hindiston fuqarosi bo‘lgan tanker kapitani avvalroq Fransiya tomonidan hibsga olingan edi, keyinchalik u ozod qilinib, kemaga qaytgan.

Fransiyaning «BFMTV» telekanali xabar berishicha, tanker Murmanskdan Komor orollari bayrog‘i ostida (soxta bayroq bilan) yo‘lga chiqqan. Ushlab qolinganidan so‘ng kema Marsel–Fos portiga yo‘naltirilgan. «BFMTV» shuningdek, «Grinch» Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganini, Yevropa Ittifoqi va AQSH sanksiyalari ostida ekanini ta’kidlaydi. Biroq u mazkur «qora ro‘yxat»larda boshqa nomlar bilan qayd etilgan. Kema asosan neft mahsulotlarini Xitoy va Hindistonga eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

«Grinch» tankerining ushlanishi va Rossiyaning «soya flot»i

22-yanvar kuni O‘rtayer dengizida «Grinch» tankeri ushlab qolinganidan so‘ng Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron operatsiya o‘tkazishda Fransiyani bir qator ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya ham qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qildi. U, shuningdek, kema xalqaro sanksiyalar ostida ekanini va ehtimol, soxta bayroq ostida harakatlanganini qayd etdi.

Rossiyaning «soya flot»i, asosan, g‘arb davlatlarining sug‘urta va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlaridan tashqarida foydalanilayotgan eski kemalardan iborat. Ular orqali Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tadi. Neft savdosidan olinayotgan daromadlar, jumladan Hindiston va Xitoy kabi davlatlarga arzon narxlarda sotish orqali topilgan mablag‘lar, urushni moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid