
Fransiya naqd pul muomalasini bekor qilmoqchi
23.05.2025 | 21:3035554
Fransiyada Adliya vaziri Jerald Darmanen naqd puldan butunlay voz kechish g‘oyasini ilgari surdi. Biroq Shimoliy Yevropa tajribasi to‘liq raqamli to‘lov tizimi xavfsizlik nuqtai nazaridan ishonchli emasligidan dalolat beradi, deya xabar bermoqda BFMTV telekanali.

Fransiya Adliya vaziri Jerald Darmanen joriy haftada Senatdagi chiqishi davomida narkotrafik va moliyaviy jinoyatlar bilan kurashishda naqd puldan butunlay voz kechishni asosiy choralardan biri sifatida ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, virtual pullar bilan hisob-kitob qilish tizimi joriy etilsa, narkodilerlar moliyaviy nazorat tizimidan qochib qutula olmaydi.
Bu g‘oya Fransiya jamoatchiligi orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Yevropaning Shimoliy davlatlari — Daniya, Norvegiya va Shvetsiya —da raqamli to‘lov tizimlari ancha rivojlangan. Masalan, Daniyada faqat 8% tranzaksiyalar naqd pulda amalga oshiriladi. Shvetsiyada bu ko‘rsatkich 28%, Norvegiyada esa 35% atrofida.
Shu bilan birga, ushbu davlatlarda ham raqamli to‘lov tizimlarining kiberxujumlar, elektr ta’minoti uzilishi yoki tabiiy ofatlardan himoyalanganligiga shubha bor. Norvegiya adliya vaziri Emili Enger Melvjamiyatda raqamli texnologiyalarga kirish imkoniyati yo‘q bo‘lgan insonlar ham bor va ularni unutmasligimiz kerak deya ta’kidladi. Norvegiya, Daniya va Shvetsiyada hukumatlar fuqarolarni uylarida muayyan miqdorda naqd pul saqlashga da’vat etmoqda. Shvetsiya Mudofaa vazirligi hatto maxsus bukletlarda aholini «infratuzilma ishdan chiqsa, to‘lovlarni amalga oshira olishingiz kerak» degan yo‘riqnomalar bilan ogohlantirishmoqda.
Germaniya va Avstriya kabi mamlakatlarda esa naqd pul hanuz ustunlik qilmoqda — tegishlicha 69% va 73% tranzaksiyalar naqd shaklda amalga oshiriladi. Germaniya Federal banki esa «inqiroz sharoitida naqd pulni tarqatish uchun ishlaydigan infratuzilma zarur», deb ta’kidlamoqda.
Xulosa qilib aytganda, raqamli to‘lov tizimlari qulay va samarali ekan, naqd pul butunlay yo‘qolishi hali mavjud xavf-xatarlar tufayli imkonsiz. Yevropa tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, texnologik rivojlanish bilan birga xavfsizlik va barqarorlik ham hamisha birinchi o‘rinda bo‘lishi lozim.





