add

Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi 21 oktyabrda qamoqxonaga yo‘l oladi

14.10.2025 | 09:218713

Sud uni saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish ishi bo‘yicha 5 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Sarkozi jazoni Parijdagi «La-Sante» qamoqxonasida o‘taydi.

Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi 21 oktyabrda qamoqxonaga yo‘l oladi
Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi 21 oktyabr kuni qamoq jazosini o‘tashni boshlaydi. Bu haqda Le Figaro nashri xabar berdi. 25 sentyabrda sud uni saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish ishi bo‘yicha 5 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sarkozi Parijdagi «La-Sante» qamoqxonasiga joylashtiriladi va u yerda yakkalik kamerada saqlanadi. Sud qarorini ijro etish uchun sobiq prezidentni aynan shu muassasaga joylashtirish belgilangan. Advokatlar ayblanuvchini qamoqqa yetkazilgandan so‘ng ozod qilish haqidagi iltimosnomani topshirish huquqiga ega. Agar apellyatsiya sudi mazkur iltimosni qanoatlantirsa, siyosatchi dekabr oyining oxiriga qadar ozodlikka chiqishi mumkin. Shu bilan birga, unga shartli muddatli ozodlik berilishi ehtimoli ham bor, chunki Sarkozi bu yil 70 yoshga to‘ldi. Nikolya Sarkozi 2007–2012 yillarda Fransiya prezidenti lavozimida ishlagan. Unga nisbatan jinoyat ishi 2013 yilda qo‘zg‘atilgan. Sudda aniqlanishicha, uning prezidentlik saylov kampaniyasi Liviya hukumati tomonidan noqonuniy ravishda moliyalashtirilgan. Sarkozi o‘zini aybdor deb bilmadi va sud hukmini «Fransiya uchun haqorat» deb atadi. Uning himoyachilari hukmni adolatsiz, siyosiy buyurtma deb baholagan. Siyosatchining ittifoqchilari esa hukm Fransiya siyosiy tizimida jiddiy bahslarni keltirib chiqarganini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi 21 oktyabrda qamoqxonaga yo‘l oladi | Vaqt.uz