
FSB ichki hujjatlarda Xitoyni «dushman» deb biladi va hududiy da’volar ehtimoli haqida ogohlantiradi — NYT
08.06.2025 | 13:0047515
Rasman Vladimir Putin Xitoy bilan mustahkam ittifoqni ta’kidlab kelsa-da, FSBning maxfiy hujjatlarida Pekin Rossiya uchun «xavfli dushman» sifatida tasvirlanib kelinmoqda.

Bu haqda The New York Times nashri Ares Leaks hakerlar guruhi qo‘lga kiritgan va G‘arb razvedka xizmati tomonidan tasdiqlangan sakkiz betlik ichki hujjatga tayangan holda yozmoqda.
Hujjatga ko‘ra, FSBning avval ommaga ma’lum bo‘lmagan bo‘limi Xitoyni Rossiyaning xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida baholaydi. Unda Xitoy maxsus xizmatlarining rossiyalik agentlarni yollash, harbiy texnologiyalarga kirish hamda ilmiy sohada norozilik bildirgan olimlarni o‘z tomoniga og‘dirish harakatlari qayd etilgan.
Shuningdek, FSB Xitoyni Ukrainadagi rus armiyasi harakatlarini nazorat qilib, G‘arb qurollari va strategiyalarini o‘rganayotganlikda ayblamoqda. Xitoy ilmiy muassasalari va kon-sanoat kompaniyalari orqali Arktikada faol razvedka olib borayotgani ham ta’kidlangan.
NYTʼning yozishicha, bu hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi rasman do‘stona munosabatlarga qaramay, jiddiy razvedka kurashi mavjudligini ochib beradi. Qizig‘i shundaki, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bor-yo‘g‘i uch kun oldin FSB «Antanta-4» deb nomlangan yangi kontrrazvedka dasturini qabul qilgan — nomiga qaramay, dastur Xitoy shpionajiga qarshi kurashni nazarda tutgan.
FSB fikriga ko‘ra, Rossiya o‘z e’tiborini Ukrainaga qaratgan bir paytda Xitoy sharqdagi holatdan foydalanishga urinishi mumkin edi. Shu sabab, Pekin faoliyatini o‘rganish kuchaytirilgan. Rossiyalik amaldorlar, tadqiqotchilar va jurnalistlar Xitoy bilan aloqada bo‘lgani uchun tahlil va kuzatuvga olingan.
Shu bilan birga, WeChat messenjeri foydalanuvchilarini kuzatish, qurilmalarni buzish va maxsus dasturlar orqali ma’lumot to‘plash kabi choralar belgilab qo‘yilgan. The New York Times bu hujjatni Xitoy masalasidagi Rossiya kontrrazvedkasining eng mukammal tahlili deb baholadi.
Shu bilan birga, NYTʼning ta’kidlashicha, shpionaj va hududiy shubhalarga qaramay, Xitoy hozir ham Rossiyaning eng yirik iqtisodiy hamkori bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, neft xaridi, mikrochiplar, dasturiy ta’minot va qo‘sh maqsadda qo‘llanuvchi qismlarni yetkazib berish orqali Pekin Moskvaga G‘arb sanksiyalarining ta’sirini yumshatishda yordam bermoqda.





