add

Futbol bo‘yicha DXX kubogi final bosqichida 42 jamoa g‘oliblik uchun kurashadi

18.08.2025 | 08:0028373

254 mingdan ziyod yoshlar qatnashgan futbol bo‘yicha DXX kubogining respublika bosqichiga qura tashlandi, g‘oliblar 23 avgustda aniqlanadi.

Futbol bo‘yicha DXX kubogi final bosqichida 42 jamoa g‘oliblik uchun kurashadi

2021 yildan beri tashkil etib kelinayotgan Davlat xavfsizlik xizmati kubogi futbol va mini-futbol musobaqasi yoshlar orasida ommalashib bormoqda. Joriy yilda mamlakat bo‘ylab 254 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar turli bosqichlarda maydonga tushdi.

Tanlovning birinchi bosqichi tuman va shaharlarda aprel-may oylarida, ikkinchisi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida iyun-iyul oylarida o‘tkazildi. Endi eng kuchlilar 18–23 avgust kunlari poytaxtdagi «Bunyodkor» futbol akademiyasi maydonlarida bahs olib boradi.

Respublika bosqichida 42 ta jamoa g‘alaba uchun maydonga chiqadi. Final bellashuvi 23 avgust kuni «Jar» stadionida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa mamlakat miqyosidagi eng yirik yoshlar futboli tadbirlaridan biri sifatida qayd etilmoqda.

Sovrin sifatida o‘g‘il bolalar musobaqasida g‘olib chiqqan jamoalarning mahallalariga mini-futbol maydoni qurib beriladi. Ikkinchi o‘rin sohiblariga universal sport maydoni (basketbol va voleybol uchun), uchinchi o‘rin egalariga esa stritbol maydoni yaratib beriladi.

Qizlar musobaqasida esa g‘olib va sovrindor jamoalar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bu sport turlariga qiziqishni yanada oshirish hamda mahallalarda sog‘lom turmush tarzini keng yoyish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid