
G7 bayonotida AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qarshi chiqdi
21.05.2025 | 13:1538813
Kanadada o‘tkazilayotgan G7 moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlari uchrashuvi yakunlari bo‘yicha bayonotda Ukrainaga «keyingi qo‘llab-quvvatlash» masalasini kiritish taklifi AQSH tomonidan rad etildi. Vashington, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini «noqonuniy» deb atashga ham qarshi chiqdi.

20–22 may kunlari Kanadada o‘tayotgan G7 — «Katta yettilik» guruhiga a’zo davlatlar moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlarining uchrashuvi yakunida qabul qilinishi kerak bo‘lgan bayonotda AQSHning keskin pozitsiyasi tortishuvlarga sabab bo‘ldi.
Politico nashri manbalarining xabar berishicha, AQSH rasmiylari bayonotda Ukrainaga nisbatan «keyingi qo‘llab-quvvatlash» haqidagi bandini kiritishga qarshi chiqishgan. Shu bilan birga, hujjatda Rossiyaning Ukrainaga qaratilgan harbiy harakatlarini «noqonuniy bosqin» sifatida ta’riflash ham AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.
Vashingtonning bu kabi munosabati Yevropa davlatlari orasida tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim diplomatlar bu holatni AQSH tashqi siyosatining ehtiyotkorlik bilan yuritilayotgani, shu bilan birga Ukrainaga bo‘lgan an’anaviy qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasidan chekinuv deb baholamoqda.
Mutaxassislar fikricha, AQSHning G7'dagi bu pozitsiyasi kelgusida Ukrainaga nisbatan xalqaro siyosiy yordam va hamjihatlikni zaiflashtirishi mumkin. Yevropa davlatlari, xususan Germaniya va Fransiya, hujjatda aniq siyosiy bayonotlar bo‘lishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shu bilan birga, G7 yig‘ilishi doirasida moliyaviy barqarorlik, global iqtisodiy xavflar va rivojlanayotgan davlatlarga yordam masalalari ham muhokama qilinmoqda. Biroq Ukraina masalasidagi kelishmovchilik yig‘ilishning siyosiy ahamiyatini yanada oshirmoqda.





