
G7 Isroilni qo‘llab-quvvatladi, Eronni notinchlik manbai deb atadi
17.06.2025 | 14:204484
Kanadadagi sammit yakunlarida G7 davlatlari Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tan olib, Eronni Yaqin Sharqdagi asosiy notinchlik va terror manbai sifatida baholadi. Ular mintaqada kengroq deeskalatsiyaga chaqirdi.
16 iyun kuni G7 davlatlari Eron va Isroil o‘rtasidagi havo urushi fonida birgalikdagi bayonot e’lon qilib, Isroilning xavfsizligiga qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va Eronni mintaqadagi beqarorlik manbai deb atadi.
Bayonotda «Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega» ekani, hamda G7 «Isroil xavfsizligini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashi» ta’kidlangan. Shuningdek, «Eron — mintaqaviy beqarorlik va terrorizmning asosiy manbai» deb baho berilgan va mamlakat yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligi qat’iy aytilgan.
Eron yadroviy qurol ishlab chiqarish niyati yo‘qligini, faqat tinch maqsaddagi yadroviy texnologiyalardan foydalanish huquqiga egaligini ta’kidlab kelmoqda. U yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma — NPT ishtirokchisi sanaladi. Isroil esa ushbu shartnomaga qo‘shilmagan va uning yadroviy qurolga egaligi rasman tasdiqlanmaganiga qaramay keng jamoatchilik bunga ishonadi.
Sammit chog‘ida AQSH prezidenti Donald Tramp mojaro tufayli Kanadadagi G7 yig‘ilishini muddatidan oldin tark etib, Vashingtonga qaytishini e’lon qildi. Tramp Eron-Isroil ziddiyatining avvaldan xabardor bo‘lganini aytgan va Isroilning zarbasini «a’lo» deb baholagan.
G7 davlatlari bayonotida G‘azodagi janglarni ham to‘xtatishga chaqiriq bildirilgan. Energiya bozorlarida barqarorlikni ta’minlash masalasida ham hamkorlikka tayyor ekanliklari qayd etilgan.
Vashington Eronga qarshi bevosita harbiy ishtirokini rad etmoqda, biroq Eron AQSH manfaatlariga zarba bermaslik to‘g‘risida ogohlantirilgan. Davlat kotibi Marko Rubio Britaniya, Fransiya va YeI rahbarlari bilan telefon orqali vaziyatni muhokama qilgan.





