add

G7 mamlakatlari Ukraina energiya tizimini tiklashda yordam beradi

Bugun 17:551052

Rossiyaning so‘nggi raketa hujumlaridan keyin G7 mamlakatlari Ukraina energiya tizimini tiklash uchun moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.

G7 mamlakatlari Ukraina energiya tizimini tiklashda yordam beradi

«Katta yettilik» — G7 mamlakatlari Rossiyaning Ukraina energetikasiga qarshi qilgan hujumlaridan keyin Kiyevning energiya ta’minotini tiklash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishini ma’lum qildi. Bu haqda guruhga a’zo davlatlar energetika vazirlarining qo‘shma bayonotida aytilgan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, G7 Ukraina energetika sohasini tiklashni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam, kredit liniyalari, sug‘urta mexanizmlari va siyosiy muvofiqlashuv choralarini amalga oshiradi. Shuningdek, xususiy sektor sarmoyalari uchun qulay muhit yaratilishi, bu esa energiya infratuzilmasini qayta tiklash va barqarorlashtirish jarayonini tezlashtirishi ta’kidlangan.

«Bu choralar faqat qisqa muddatli tiklanishga emas, balki Ukraina energetika sektori va boshqa sohalarda investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi», — deyiladi bayonotda.

G7 mamlakatlari Rossiyaga nisbatan joriy etilgan energiya sohasiga oid sanksiyalarni saqlab qolishini va Moskvaning eski neft tankerlaridan iborat «xufiyona floti» orqali neft sotib, urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishini ham bildirgan.

Shu bilan birga, vazirlar Rossiya tomonidan Ukraina energiya infratuzilmasiga yo‘naltirilgan yangi hujumlarni keskin qoraladi. Ular gaz infratuzilmasiga berilgan zarbalar aholining hayoti va xavfsizligi uchun jiddiy tahdid ekanini ta’kidladi.

Bayonotda Ukraina energetiklarining jasorati va matonati alohida qayd etilgan. «Hujumlar va xavflarga qaramasdan, ular aholiga elektr va issiqlik yetkazib bermoqda», — deyiladi hujjatda. Shuningdek, Rossiya zarbalari natijasida halok bo‘lgan ukrain energetiklari xotirasi yodga olingan.

Teglar

Mavzuga oid

G7 mamlakatlari Ukraina energiya tizimini tiklashda yordam beradi | Vaqt.uz