
G7 yetakchilari Trampni Rossiyaga yangi sanksiyalar qo‘llashga ko‘ndira olmadi
18.06.2025 | 09:4026765
«Katta yettilik» davlatlari rahbarlari AQSH prezidenti Donald Trampni Rossiyaga nisbatan yangi iqtisodiy cheklovlar joriy etishga ishontirishga muvaffaq bo‘la olmadi. Tramp Moskvaga bosim o‘tkazish siyosati Amerika iqtisodiyotiga juda qimmatga tushayotganini ta’kidlagan.

G7 sammiti doirasida 16 iyun kuni o‘tgan rasmiy kechki ovqatda AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosati bo‘yicha o‘zining avvalgi nuqtai nazarini yana bir bor tasdiqladi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, u Rossiyaga nisbatan cheklovlarni kengaytirish takliflarini rad etgan va bunday bosim choralari AQSH uchun ortiqcha iqtisodiy yuk ekanini aytgan.
Bu holat Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida Trampning Moskvaga qarshi qattiq sanksiyalarga amaliy qadam tashlashiga nisbatan shubhalarni kuchaytirgan. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari AQSH bilan muloqotni davom ettirayotgan bo‘lsa-da, Ukrainaga mustaqil yordam yo‘llarini izlashga va mudofaa hamkorligini mustahkamlashga kirishgan.
Shu bilan birga, sammit yakunlari bo‘yicha Kanada bosh vaziri Mark Karni e’lon qilishi kutilgan bayonotda G7 davlatlarining tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlashi qayd etiladi. Unda Ukraina otashkesimga tayyor ekani, Rossiya esa bu borada iroda namoyon etmayotgani ta’kidlanishi kutilmoqda. Bayonotda Moskvaga nisbatan bosimni davom ettirish uchun sanksiyalar mexanizmidan foydalanish lozimligi ham yoritiladi.
Yevropa Ittifoqi sammit oldidan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketini taklif qildi. Britaniya esa 17 iyun kuni Moskvaga qarshi yangi cheklovlarni, jumladan, energiya va moliya sohalariga nisbatan sanksiyalarni e’lon qildi. Bu mamlakatlar Rossiya neft narxining chegarasini pasaytirishni ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ayni paytda Rossiya Ukraina hududlariga kuchaytirilgan havo hujumlarini amalga oshirmoqda. Kiyev ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, 17 iyunga o‘tar kechasi poytaxtdagi havo hujumi natijasida kamida 14 kishi halok bo‘lgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy buni «eng dahshatli hujumlardan biri» deb atadi va G‘arb davlatlarini qattiqroq javob qaytarishga chaqirdi.
Zelenskiyning Donald Tramp bilan shaxsiy uchrashuvi 17 iyun kuni rejalashtirilgan edi, biroq AQSH prezidenti sammitni vaqtidan oldin tark etib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal etish uchun Vashingtonga qaytib ketdi.
Garchi Tramp 7 iyun kuni Rossiyaga nisbatan «qat’iy sanksiyalar» qo‘llashga tayyorligini bayon etgan bo‘lsa-da, The Wall Street Journal’ning yozishicha, uning ma’muriyati Kongressda bu sanksiyalar paketini yumshatish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.





