add

Gaz bilan ta’minlanmagan hududlarga qishda 2000 kWh elektr imtiyozi berilishi ko‘rib chiqilmoqda — energetika vaziri

Kecha 10:382832 daqiqa

Energetika vaziri parlamentdagi chiqishida Norvegiyani misol keltirib, qishda uylar gazda emas, elektrda isitilishi kerakligini ta’kidladi. Bayonotdan tushunish mumkinki, yaqin kelajakda O‘zbekistonda uy xo‘jaliklari to‘liq tabiiy gazdan uziladi va qishki mavsumda ham isitishda elektr energiyasidan foydalanishga o‘tiladi. Biroq bu holatda barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanadimi, degan savol ochiq qolgan.

Gaz bilan ta’minlanmagan hududlarga qishda 2000 kWh elektr imtiyozi berilishi ko‘rib chiqilmoqda — energetika vaziri

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi Ziyodbek Yunusov energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga «aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda va avtomobillarga metan to‘ldirish shoxobchalarida uzilish bo‘lmaydimi?» deb savol berdi.

Savolga javoban Jo‘rabek Mirzamahmudov eng avvalo inson omilini kamaytirgan holda raqamlashtirishni to‘liq joriy qilish shartligi, shunda yetkazib berishda joylardagi noqonuniy holatlarning to‘liq oldi olinishini ta’kidladi.

«O‘zbekistondagi ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gaz to‘liq, hattoki xorijiy kompaniyalarda ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gaz ham to‘liq aholi ehtiyoji uchun olinyapti. Hattoki narxlar orasidagi tafovut uchun byudjetdan subsidiya ham berilyapti. Hisob-kitob qilganimizda 663 ming tonna gaz aholi ehtiyojlari uchun to‘liq yetadi, faqatgina to‘g‘ri taqsimlab, to‘g‘ri yetkaza olsak», — dedi Mirzamahmudov.

Energetika vaziri qishki isitish mavsumida gazdan foydalanishni tobora cheklash, elektr energiyasi uchun imtiyozli limitlar nazarda tutilayotgani haqida ham gapirdi.

«Ta’minot jihatidan generatsiya quvvatlari yangi batareya tizimlari joriy qilinishini inobatga olib, bir narsaga kelinyaptiki, biz bundan buyon ko‘proq isitish tizimlarini elektr energiyasi hisobidan amalga oshirish, elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha alohida ishlarni olib borishimiz kerak. Hattoki Norvegiya gaz bo‘yicha dunyodagi eng boy davlat, lekin umuman gazda isitmaydi, to‘liq elektr energiyasi hisobidan, holbuki ularda sovuq kunlar bizga nisbatan ko‘proq. Gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda imtiyozli tarif joriy qilish bo‘yicha hisob-kitob qilishimizcha, 2000 kWh gacha quvvat to‘liq qishki mavsumda elektr energiyasida isitish uchun yetarli bo‘lar ekan. Bu bo‘yicha biz hozir moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan ishlayapmiz. 50 foizli to‘lov imtiyoziga ega ko‘p qavatli uylarga joriy qilingan tizimni bu hudadlarda ham joriy qilishni ko‘zda tutyapmiz», dedi Mirzamahmudov.

Vazir shuningdek, hududlarda gaz taqsimotini ham xususiy operatorlarga berish nazarda tutilayotganini aytib o‘tdi.

«Tabiiy gaz bo‘yicha nazorat tizimini taqsimlashni tartibga keltirilmoqda, hozir to‘liq polietilen quvurlarga o‘tkazilyapti. Xabarlaringiz bor, ilk marta Samarqand viloyatida elektr taqsimlash tizimi xalqaro tender asosida hususiy investorga berilmoqda. Xuddi shu kabi biz Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda gaz taqsimlash tizimi bo‘yicha ham ishlayapmiz. Ya’ni bu yerda ham xususiy investor va  hususiy operatorga taqsimot tizimini beriladi», — dedi Mirzamahmudov.

Vazir aynan qachondan imtiyozli tariflar joriy etilishiga aniqlik kiritmagan, faqat hisob-kitob va ishlar olib borilayotgani haqida mavhum javob bergan. Bayonotlardan tushunish mumkinki, yaqin kelajakda O‘zbekistonda uy xo‘jaliklari to‘liq tabiiy gazdan uziladi va qishki mavsumda ham isitishda elektr energiyasidan foydalanishga o‘tiladi. Biroq bu holatda barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanadimi, degan savollar ochiq qolgan.

 

Teglar

Mavzuga oid