add

Gazlashmagan uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha imtiyozlar hali ishlab chiqish jarayonida — Energetika vaziri

29.10.2025 | 08:383262

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu borada imtiyozlar bo‘yicha loyiha hali ishlab chiqilayotgani, 2026 yilning mayiga qadar tariflar oshirilmasligini ma’lum qildi.

Gazlashmagan uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha imtiyozlar hali ishlab chiqish jarayonida — Energetika vaziri

O‘zbekistonda gaz bilan ta’minlanmagan xususiy uylar aholisi uchun elektr energiyasiga imtiyozli tarif joriy etish rejasi hamon ishlab chiqilmoqda. Bu haqda 28 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Gazeta.uz.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, loyiha hali qo‘shimcha infratuzilma hisob-kitoblarini talab etadi va yil oxirigacha hukumatga taqdim etiladi.

Energetika vazirligi 2024 yilning oktyabrida 2025 yil 1 yanvardan boshlab gazlashmagan xususiy uylar uchun ijtimoiy norma doirasida elektr energiyasiga 50 foizlik chegirma joriy etishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Hujjat loyihasi ishlab chiqilib, huquqiy ekspertizaga yuborilgani aytilgan, ammo keyin bu tashabbus amalga oshmagan.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, hozir gazsiz hududlardagi ko‘p qavatli uylar elektr energiyasi uchun 50 foizlik chegirma bilan foydalanish huquqiga ega.

«Agar ko‘p qavatli uylar markazlashgan elektr tizimiga ulangan va to‘liq elektrlashtirilgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilikka ko‘ra ularga 50 foizlik chegirma beriladi», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi generatsiya quvvatlarining paydo bo‘lishi boshqa hududlar, jumladan Farg‘ona vodiysida ham bosqichma-bosqich yangi imtiyoz tizimini joriy etish imkonini yaratadi. Hozirda ayrim tumanlarda pilot hisob-kitoblar amalga oshirilmoqda.

«Agar hududlarni elektr energiyasiga to‘liq o‘tkazsak, gaz va ko‘mir yetkazib berish xarajatlari qisqaradi, lekin elektr tarmoqlariga yuklama 2–3 barobarga ortib ketadi. Shuning uchun aniq hisoblar olib borilmoqda», — dedi vazir.

Vazir shuningdek, gazlashmagan hududlardagi aholi uchun suyultirilgan gaz va ko‘mirni imtiyozli narxda yetkazib berish yo‘lga qo‘yilganini eslatib o‘tdi. Hozir 4 mln dan ortiq abonent suyultirilgan gazni arzon narxda olyapti. Shu bilan birga, davlat energiya tejamkor uskunalar, jumladan, issiqlik nasoslari o‘rnatgan fuqarolarga subsidiya bermoqda.

Jurabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, yangi imtiyozlar tizimi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va yil oxirigacha hukumatga rasmiy taklif kiritiladi.

«2026 yil 1 yanvardan bu aniq joriy etiladi, degan fikr unchalik to‘g‘ri emas», — dedi u.

Shu bilan birga, vazir tariflar yaqin oylarda oshirilmasligini ta’kidladi.

«Bu yil oxirigacha va qish mavsumida tariflarni oshirish rejalashtirilmagan. Faqat kelasi yil may oyida inflyatsiya darajasiga mos indeksatsiya ko‘zda tutilgan», dedi u.

Teglar

Mavzuga oid