
G‘azo hukumati G‘arbni genotsid ishtirokchisi ekanlikda aybladi
20.05.2025 | 08:309323
G‘azo hukumati xalqaro tashkilotlar va OAVga murojaat bilan chiqib, G‘azoda amalga oshirilayotgan genotsidni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

G‘azo hukumati media-ofisi tarqatgan bayonotda G‘arb davlatlari – xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya Isroilning G‘azo sektoridagi jinoyatlariga jim qarab turish bilan birga, genotsidda bevosita hamkorlik qilmoqda, deb ta’kidlangan.
Hujjatda qayd etilishicha, Isroil G‘azoda sog‘liqni saqlash tizimi vayron bo‘lgan, yordam yetib bormayotgan bir paytda millionlab aholiga qarshi bema’ni zo‘ravonlikni amalga oshirmoqda. «2,4 milliondan ziyod aholi muhosara, qashshoqlik, ochlik, chanqoqlik va kasalliklar bilan kurashmoqda. Bu esa xalqaro hamjamiyatning sharmandali sukuti va insoniylikning inqirozi fonida ro‘y beryapti», — deyiladi bayonotda.
Hukumat BMT va inson huquqlarini himoya qiluvchi barcha tashkilotlarni G‘azodagi genotsidni to‘xtatish uchun tezkor choralar ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, Isroil rasmiylarini harbiy jinoyatlar uchun xalqaro sudga tortish talabi ham ilgari surildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabridan beri Isroil armiyasi hujumlari oqibatida G‘azoda 53 ming 339 falastinlik halok bo‘lgan, 121 ming 034 nafar odam yaralangan.





