
G‘azoda ochlikdan halok bo‘lganlar soni 235 nafarga yetdi, ulardan 106 nafari bolalar
13.08.2025 | 23:003332
Isroil blokadasi tufayli G‘azoda ochlikdan o‘lganlar soni ortishda davom etmoqda.

G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi, so‘nggi 24 soat ichida mintaqada yana 8 kishining ochlikdan o‘lganini ma’lum qildi. 2023 yil 7 oktabrdan beri G‘azo sektori bo‘ylab ochlikdan qurbon bo‘lganlar soni 235 nafarga yetdi, ulardan 106 nafari bolalar.
Bu raqamlar shifoxonaga yotqizilganlarni aks ettiradi. Ochlikdan o‘lib, uylarida qolib ketganlarning aniq soni noma’lum. Blokada davom etayotgan mintaqaning ehtiyojlarini qondirish uchun yordam yetarli emasligi, ochlikdan o‘lganlar sonining kundan-kunga ortishidan xavotirlar borligi haqida ogohlantirilmoqda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 30 mingga yaqin odam to‘yib ovqatlanmaslik tufayli ochlik yoqasida turibdi. Besh yoshgacha bo‘lgan 260 ming bola to‘yib ovqatlanmaydi. Noto‘g‘ri ovqatlanish va ochlik, ayniqsa, chaqaloqlar va bolalar tanasiga qaytarilmas zarar keltirmoqda.
Ochlikdan aziyat chekayotgan va davolanishga muhtoj fuqarolar ixtisoslashgan yordamga muhtoj. Isroil blokadasi tufayli bu yordam mavjud emasligi sababli, ko‘plab tinch aholi hayotdan ko‘z yummoqda.





