
G‘azoga yuborilayotgan yordam to‘silgani uchun Shvetsiya Isroil elchisini chaqirtirdi
27.05.2025 | 22:005974
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi G‘azodagi og‘ir vaziyat yuzasidan Isroil elchisini chaqirib, Isroildan yordam yetkazishni to‘liq tiklashni talab qildi.

Shvetsiya 27 may kuni G‘azo sektorida yuzaga kelgan insonparvarlik inqirozi munosabati bilan Isroil elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirdi. Bu haqda rasmiy bayonotda ma’lum qilindi. Unda Isroildan yordam yuklarining hech qanday to‘siqlarsiz kirib kelishini ta’minlash talab qilingan.
Isroil so‘nggi haftalarda G‘azoga yordam kiritilishini to‘xtatgan edi, faqatgina o‘tgan haftada kam miqdordagi yuklarga ruxsat berildi. Bu Yevropada Isroilning harbiy amaliyotiga nisbatan tobora o‘sib borayotgan tanqidlar fonida yuz berdi.
Yevropa Ittifoqi o‘tgan hafta Isroil bilan siyosiy va iqtisodiy munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishini e’lon qilgan, Germaniya kansleri esa dushanba kuni Isroilning G‘azodagi harakatlarini ochiq tanqid qilgandi.
Shvetsiya tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida shunday deb yozdi: «Fuqarolarga ozuqa va boshqa yordamni to‘sish hech qanday asosga ega emas. Bizning ko‘z o‘ngimizda kechayotgan voqealar, urush boshlangandan buyon eng og‘ir humanitar vaziyatidir.”
Bayonotda, shuningdek, Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekani, lekin bunday harakatlar xalqaro insonparvarlik qonunlari asosida amalga oshirilishi shartligi qayd etilgan.
Isroil G‘azodagi urushni 2023 yil oktyabrida HAMAS guruhining hujumiga javoban boshlagan. Ushbu hujum natijasida taxminan 1 200 nafar inson halok bo‘lgan edi. G‘azo rasmiylariga ko‘ra, javob amaliyotlarida 55 000 nafardan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
BMTning insonparvarlik ishlari bo‘yicha rahbari o‘tgan hafta G‘azoda qashshoqlik va ochlik shiddat bilan kengayayotganini aytdi. Uning bayonotida, 14 000 bola ochlikdan halok bo‘lish xavfi ostida ekani ta’kidlangan. Urush hududiga kiritilgan yordam BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan « bir choy koshiqcha yordam» deb baholandi.





