
«Gazprom» Turkiyada gaz habi yaratish rejasidan voz kechdi — Bloomberg
04.06.2025 | 11:403013
«Gazprom» Yevropa bozoriga qayta kirish uchun muhim deb baholangan Turkiya orqali gaz habi loyihasini amalga oshirishdan voz kechdi. Bloomberg yozishicha, bu qaror bir necha oylik tahlillardan keyin qabul qilindi.

Rossiyaning energetika giganti «Gazprom» Turkiyada gaz taqsimlash markazi – gaz habi yaratish rejalarini rasman bekor qildi. Bloomberg’ning ma’lum qilishicha, bir necha oy davomida loyihani amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganilgan bo‘lsa-da, oxir-oqibatda uning hayotiy emasligiga qaror qilingan.
Turkiya avval «Turk oqimi» va «Zangori oqim» kabi yirik gaz quvurlari orqali Rossiya bilan bog‘langan bo‘lib, Yevropa bozoriga qaytish uchun «Gazprom» uchun muhim yo‘lak sifatida ko‘rilgan edi. Biroq 2024 yilda Ukraina orqali tranzit to‘xtagan va «Shimoliy oqim» quvurlari ishdan chiqqani sababli, kompaniya Yevropa bozoridagi ulushini yo‘qotgan.
Manbalarning ma’lum qilishicha, loyihaga boshidanoq kompaniya ichida shubha bilan qaralgan. Turkiya tomoni gazni Yevropa bozorida Rossiya bilan hamkorlikda sotishga rozi bo‘lmagan va eksport salohiyati yetarli emasligi ham loyihaga to‘siq bo‘lgan.
Qaror natijasida «Gazprom» Yevropa bozoridagi o‘rnini qayta tiklash imkonidan mahrum bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerdagi eksport avvallari oyiga taxminan 8 mlrd dollar daromad keltirgan.
Loyihani Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024 yil oktyabrda ochiq qo‘llab-quvvatlagan edi. Biroq siyosiy ifodaga qaramasdan, amaliy to‘siqlar loyihaning bekor qilinishiga olib keldi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha rossiya gazi importini to‘liq to‘xtatishni maqsad qilgani «Gazprom» imkoniyatlarini yanada chekladi.





