
«Geosiyosat «ayiqcha» trendini niqoblamoqda»: neft yarim yildagi eng yomon pasayishni boshdan kechirdi
Bugun, 2-fevral kuni neft narxida oxirgi olti oydan ortiq vaqt ichidagi eng katta bir kunlik pasayish bo‘ldi.

Bugun, 2-fevral kuni neft narxlari bir paytning o‘zida 5 foizdan ortiqqa tushib ketdi. Bu oxirgi olti oydan ortiq vaqt ichidagi eng katta bir kunlik pasayish bo‘ldi. Bu haqda «Seeking Alpha» xabar berdi.
Investorlar AQSH prezidenti Donald Trampning Eron Vashington bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha «jiddiy muzokaralar» olib borayotgani haqidagi xabarlariga shu tarzda reaksiya qildi. Bu AQSH va OPEK a’zosi bo‘lgan Eron o‘rtasidagi mojaro ehtimoliy deeskalatsiyasining signali sifatida qabul qilinmoqda.
2-fevral kuni «Brent» markali nefti fyucherslari bir paytda 5,3 foizga pasayib, bir barreli 65,66 dollarga tushdi. WTI markali nefti esa 5,5 foizga arzonlab, 61,62 dollarga tushdi.
Ikkala kontrakt ham ko‘p oylik maksimumlardan keskin pasaydi. Hali 29-yanvar kuni Trampning Eronga nisbatan harbiy tahdidlari fonida «Brent» fyucherslari 2025 yil sentabridan beri ilk bor 70 dollardan yuqori baholangan edi. WTI esa 65 dollar darajasiga chiqib, to‘rt oylik maksimumga yetgan.
Tahlilchilar nima deydi?
«Reuters»ga izoh bergan «Phillip Nova» tahlilchisi Priyanka Sachdevaga ko‘ra, Trampning geosiyosiy tahdidlari butun yanvar davomida neft narxlarini qo‘llab-quvvatlab kelgan.
«Neft narxlarining pasayishi AQSH dollarining mustahkamlanishi bilan yanada kuchaydi. Bu esa dollarda baholanadigan neftni AQSHdan tashqari xaridorlar uchun qimmatroq qiladi va narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazadi», – dedi u.
«IG» treyding platformasi tahlilchisi Toni Sikamorning ta’kidlashicha, bozor Trampning bayonotlari hamda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi dengiz kuchlari Ormuz bo‘g‘ozida jonli o‘q otish mashqlarini o‘tkazishni rejalashtirmayotgani haqidagi xabarlarni mojaroni yumshatishga qaratilgan «umidbaxsh qadam» sifatida qabul qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘tgan haftagi ralli davomida neft narxiga qo‘shilgan «geosiyosiy ustama»ni kamaytirib, foydani fiksatsiya qilishni rag‘batlantirdi.
«Capital Economics»ning 30-yanvardagi tahliliy qaydnomasida «geosiyosiy xavflar neft bozorida aslida mavjud bo‘lgan «ayiqcha» trendini niqoblab kelmoqda», deb ta’kidlangan. Ekspertlar o‘tgan yilgi Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush misoli hamda neft bozorida taklifning yetarli ekani 2026 yil oxiriga kelib «Brent» narxlariga bosim o‘tkazishda davom etishini qayd etgan.
Qayd etish joiz, «ayiqcha trendi» bu muayyan aktivga nisbatan pasayish yo‘nalishidagi trenddir. «Ayiqlar» bozor qulashi davom etadi, deb hisoblaydi. Uzoq muddat davomida pastga yo‘nalgan, narxlar izchil ravishda tushib borayotgan bozor «ayiqcha bozor» deb ataladi.
«ANZ» tahlilchilari ham Tramp ritorikasidagi «yaqqol o‘zgarish» neft ta’minotida uzilishlar bo‘lishi haqidagi xavotirlarni pasaytirganini ta’kidladi.
«Bu AQSHning mintaqadagi harbiy huzuri oshib borayotganiga qaramay, neft narxlaridagi ayrim ustamalarni kamaytirdi», – deyiladi ularning izohida.
Shu bilan birga, tahlilchilar «AQSH va Eron o‘rtasidagi taranglik baribir yuqori darajada qolmoqda», deb qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, «ANZ»da qayd etilishicha, «bozor dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan OPEC yig‘ilishini ham yodda tutmoqda». Unda OPEC+ a’zolari mart oyida neft qazib olish hajmlarini o‘zgartirmaslikka kelishib oldi. O‘tgan yil noyabr oyida ham guruh mavsumiy talab pasayishi sababli 2026 yil yanvar–mart oylariga rejalashtirilgan ishlab chiqarishni oshirishni muzlatgan edi.
29-yanvar kuni neft narxlari Trampning Erondan yadroviy kelishuv tuzishni talab qilgan bayonotlari fonida ko‘p oylik maksimumlarga chiqqan edi. AQSH prezidenti Tehron masalani harbiy yo‘l bilan hal etishga tayyor turish kerakligidan ogohlantirgan edi.





