
Germaniya kansleri Mers AQSHdan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishni so‘radi
26.06.2025 | 09:0019083
Fridrix Mers Donald Trampdan AQSH tomonidan Rossiyaga qarshi iqtisodiy bosimni kuchaytirishni, xususan, Xitoy va Hindistonga nisbatan ham sanksiyalar kiritish imkonini ko‘rib chiqishni so‘radi.

25 iyun kuni Haagada o‘tgan NATO sammiti doirasida Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashib, Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar masalasini muhokama qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi mojaro harbiy yechimga ega emas va shu bois Moskvaga nisbatan iqtisodiy bosim kuchaytirilishi shart.
Mers ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi 26 iyun kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketini qabul qiladi, ammo bu yetarli emas. U AQSHning ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini qayd etdi, chunki faqat Vashingtongina Xitoy va Hindiston kabi Rossiya neft va gazini xarid qilayotgan davlatlarga sanksiya joriy etishi mumkin.
Germaniya kansleri Tramp bu masalani jiddiy ko‘rib chiqayapti degan taassurot qoldirganini aytdi. Shuningdek, Erondagi vaziyatni hisobga olgan holda, AQSH bu imkoniyatdan siyosiy va iqtisodiy jihatdan foydalanishi mumkinligini ta’kidladi.
Fridrix Mers sammitda NATO Ukrainaga yetarli yordam ko‘rsatmayapti, degan fikrlarni rad etdi. Unga ko‘ra, Ukrainaga a’zo bo‘lish masalasi kun tartibida bo‘lmagan, ammo yordam va’dalari jiddiy va ahamiyatli bo‘lgan.
Mers sammitda Rossiyani NATOga qarshi tajovuzdan ogohlantirgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya NATOni doimiy sinovdan o‘tkazmoqda va alyansning javob bera olishi shubhasiz bo‘lishi kerak.





