
Ginnes rekordini yangilamoqchi bo‘lgan talabalar, akkumulyator, avto va shina uchun ekologik yig‘im, davlat hamda e’tiqod erkinligi — 15 iyun dayjesti
15.08.2025 | 22:0212777
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Rasul Kusherbayevga aliment to‘lash majburiyati yuklandi
Bugun, 15 avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi tomonidan chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan da’vogar Sh.I.ning javobgar Rasul Kusherbayevga nisbatan aliment undirish haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.
Sud qaroriga ko‘ra Rasul Kusherbayevdan Sh. I. foydasiga voyaga yetmagan bir nafar – 2023 yil 5 oktyabrda tug‘ilgan M. K. ismli qiz farzandining ta’minoti uchun 2025 yilning 28 iyun kunidan boshlab farzandi voyaga yetguniga qadar har oydagi ish haqi va boshqa turdagi barcha daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan. Javobgar Rasul Kusherbayevdan davlat foydasiga davlat boji hamda pochta xarajatlari undirilishi qayd etilgan.
O‘zbek talabalari Ginnes rekordini yangilamoqchi
18 avgust kuni «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida 2 000 nafar yosh muhandis bir vaqtda 2 000 ta robotni yig‘ib, ishga tushiradi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, talaba-yoshlar bu ishi bilan Ginnes rekordlar kitobiga kirishi kutilmoqda. «Tadbirda poytaxtimizdagi va respublikaning turli hududlardan kelgan minglab yoshlar ishtirok etadi. Ular orasida Prezident maktablari o‘quvchilari, imkoniyati cheklangan yosh muhandislarimiz ham bor»”, — deya yozgan u. Ma’lumot berilishicha, 2023 yilda Hindistonda 1 459 nafar o‘quvchi bir vaqtda mini‑robot yasagan.
«Maktab bozori-2025»: bir bolaning xarajati qanchaga tushadi?
Ayni paytda har bir maktab yoshidagi farzandi bor har bir ota-onaning oldida bolani maktabga tayyorlash uchun qancha pul zarur bo‘ladi, degan savol ko‘ndalang. Ko‘pchilikni qiynayotgan savollarga javob topish Vaqt.uz muxbiri Chorsu bozorining maktab rastalarini aylanib, eng xaridorgir va nisbatan arzon deb aytilgan savdo nuqtalaridagi narxlarni o‘rgandi.
Bozordagi narx-navolar bilan tanishish mobaynida, bozor ichkari va tashqarisi, hatto bir-biriga yaqin bo‘lgan rastalarda ham sifat, mahsulot turi bir xil bo‘lishiga qaramay, narxlarda sezilarli farq borligi payqash mumkin.
O‘zbekistonda akkumulyator, avto va shina uchun ekologik yig‘im joriy etiladi
O‘zbekistonda batareyka, akkumulyator, avto, shina, upakovka va shisha mahsulotlariga ekologik yig‘im joriy etiladi. Bu ishlab chiqaruvchilarni chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilishga majbur qiladi. Mamlakatda yiliga 14 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi, qayta ishlash darajasi esa 5 foiz atrofida.
Statistikaga ko‘ra, shisha chiqindisini qayta ishlash darajasi 6,3 foiz, plastmassaniki 11,2 foiz, shina chiqindisiniki esa 17 foizni tashkil qiladi. Yangilik chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish va xomashyo aylanmasini oshirishga qaratilgan.
Davlat va e’tiqod erkinligi: «oltin o‘rtaliq»ni topish muammosi haqida — Fikr vaqti
Jennifer Lopezning Toshkentda bergan konsertidan so‘ng MDTP raisi Alisher Qodirov murojaat bilan chiqdi. Uning qisqacha mazmuni: «Lopesga ko‘rsatgan bag‘rikengligimizni dindor ayollarimizga ham ko‘rsataylik».
Deputatning bu xitobiga qadar ham bahsli, muhokamali bo‘lgan, yangicha bahslar to‘lqinini boshlab bergan dunyoviy davlatchilik va e’tiqod masalasi Fikr vaqti ko‘rsatuvining navbatdagi soni uchun ham asosiy mavzu bo‘ldi.





