add

Ginnessga kirgan yoshlar, yana reklamada tushgan Nazarbekov, so‘ong‘ich blogerga hukm — hafta dayjesti

23.08.2025 | 21:00266018

Hafta davomida O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni Vaqt.uzʼda yana bir esga olamiz.

Ginnessga kirgan yoshlar, yana reklamada tushgan Nazarbekov, so‘ong‘ich blogerga hukm — hafta dayjesti
Videoni Youtubeʼda tomosha qiling: 👉https://youtu.be/0WeZ01h6xqI Prezident tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashdi Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust Tadbirkorlar kunida an’anaviy tarzda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Yaxshi an’anaga aylangan mazkur uchrashuvlar davlat va biznes o‘rtasidagi muammolarga amaliy yechim topish uchun xizmat qilib kelmoqda. «Bugun shuni faxr bilan ayta olamizki, yurtimizda yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, xalqimiz og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot – sizning jasorat bilan qilayotgan mehnatingiz, tashabbus va izlanishingiz mahsulidir», — dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida. Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, yaratilgan shart-sharoitlar tufayli minglab mikro va kichik biznes sub’ektlari qisqa vaqt ichida o‘rta va yirik korxonalarga aylandi. Masalan, 1600 ta mikrokorxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard so‘mdan oshirib o‘rta biznesga o‘tgan, 143 ta korxona esa 100 milliard so‘mdan ko‘proq aylanma bilan yirik biznes qatoriga qo‘shilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili aylanmasi 1 trln so‘mdan oshgan 203 ta korxona bo‘lgan bo‘lsa, bu yilning olti oyida yana 47 ta yirik korxona vujudga keldi. Biznesni soya iqtisodiyotidan chiqarish orqali 139 ming korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paygan, 273 ming korxonada ish haqi fondi 22 foizga oshgan. Qayd etib o‘tish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev an’anaga muvofiq 49 nafar tadbirkorlarni davlat mukofotlari bilan, 112 nafari «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Mukofotlanganlar orasida ilmiy ishlari orqali biznes rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olimlar ham bor. Shuningdek, o‘tgan bir yil ichida yana 52 nafar tadbirkor, dehqon, fermer va investorlar orden hamda medallar bilan taqdirlangani qayd etildi. Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvidan so‘ng 5 kishi «Mehnat shuhrati» ordeni bilan, ikki tadbirkor «Do‘stlik» ordeni bilan qo‘shimcha tarzda mukofotlandi   O‘zbekiston yoshlari Ginnes rekordini yangiladi 18 avgust kuni «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida O‘zbekiston yoshlari tarixiy yutuqqa erishdi. Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarovaning qayd etishicha, 1946 nafar iste’dodli yosh muhandis bir vaqtning o‘zida 1946 ta kichik robotni yig‘ib, ulkan natija qayd etgan. Ushbu yutuq O‘zbekiston nomini yana bir bor “Ginnes rekordlar kitobi” sahifalariga yozdirishga sabab bo‘lgan.   O‘zbekistonda ishsizlik 5,1 foizga tushdi O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida ishsizlik darajasi 5,1 foizni tashkil etib, 2024 yilning shu davridagi 5,8 foiz va ikki yil oldingi 8,1 foizdan pastga tushdi. Mehnatga layoqatli aholining 15,4 mlni iqtisodiy jihatdan faol, shundan 14,6 mlni rasmiy ravishda ish bilan band hisoblanadi, 781,6 ming kishi esa ishsiz sifatida qayd etildi. Hisobot davrida rasmiy mehnat ulushi 19 foizga oshgan, norasmiy sektor esa 13,6 foizga kamaygan. Norasmiy ish o‘rinlari asosan qishloq xo‘jaligi va qurilishda yuqori bo‘lib, so‘nggi yetti yilda umumiy ulushi 60 foizdan 38 foizga tushgan. Ekspertlar bu holatni rasmiy ish joylaridagi xarajatlarning yuqoriligi bilan izohlaydi, prezident topshirig‘iga ko‘ra esa mehnat bozorida soddalashtirish va samarali shart-sharoit yaratish choralari ko‘rilmoqda.   Islom sivilizatsiyasi markazi hududida yong‘in chiqdi 19 avgust kuni tushga yaqin Olmazor tumanidagi Islom sivilizatsiyasi markazi hududida yong‘in sodir bo‘ldi. FVV ma’lumotiga ko‘ra, qurilish mahsulotlari yongan. Tezkor yetib kelgan yong‘in-qutqaruvchilar yong‘inni soat 11:32 da o‘rab olib, 11:34 da to‘liq o‘chirishgan. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov voqea joyiga borgan. Yong‘in binodagi izolyatsiya qoplamalarini yotqizishda texnologik talablar buzilgani sababli kelib chiqqan. Hodisa natijasida 19 metr kvadrat maydon zararlangan. Binoning ichki qismi va eksponatlarga ziyon yetmagan, jabrlanuvchilar yo‘q.   Qozog‘iston prezidenti Tanzila Norboyevani mukofotladi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaga II darajali «Dostыq» («Do‘stlik») ordenini topshirdi. «Sizning tashrifingiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash nuqtai nazaridan juda muhim. Biz barcha jihatdan O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz», – degan To‘qayev ordenni topshirayotib.   Ozodbek Nazarbekov yana reklamada ko‘rinish berdi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kokand University xususiy universitetining reklama videosida ishtirok etdi. Bu uning 2024 yilda erkaklar kiyimlari do‘koni reklamasida ko‘ringanidan keyingi ikkinchi holat bo‘lib, amaldagi qonunchilikka zid sanaladi. «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, mansabdor shaxslarning reklamada qatnashib, mahsulot davlat tomonidan ma’qullangani taassurotini uyg‘otishi taqiqlanadi. Shuningdek, mansabdor shaxsga haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish ham cheklangan. 2024 yilda Ozodbek Nazarbekov ishtirok etgan kiyim do‘koni reklami uchun do‘konga 23,8 mln so‘m jarima solingan, ammo vazirning o‘zini bunda ayblanmagan.   Mubashshir Ahmadning sudi boshlandi Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ga oid jinoyat ishi sudya Bobur Rahimov raisligida ko‘rib chiqildi. Sud jarayoni rasman ochiq deb belgilangan bo‘lsa-da, unda qat’iy cheklovlar joriy etildi. Jurnalistlar sud zaliga kiritildi, ammo kamera va telefon vositalaridan foydalanish taqiqlandi. Ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish), 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandi (OAVdan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internetdan foydalanib jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244−3-(Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) moddasida tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida diniy materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsatisiz tarqatganini tasdiqladi va ruxsat olmaganini O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lmagani bilan izohladi. Va aybiga qisman iqror bo‘ldi. Qolgan ikkita modda bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlarni tan olmasligini ta’kidladi. Keyingi sud majlisi 8 sentyabr kuni o‘tkazilishi e’lon qilindi.   «Otamdan qolgan dalalar» nega taqiqlangani aytildi Tarixchi Azamat Ziyo «Davra» podkastida «Otamdan qolgan dalalar» filmining efirdan olinishiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, filmda kolxoz tizimi, majburiy mehnat va mustamlaka belgilarining mustaqillikdan keyin ham saqlanib qolgani aks etgani sababli u tez orada «qora ro‘yxat»ga tushgan. Ziyo ta’kidlashicha, o‘zbek jamiyati mustaqillikdan keyin ham sovetcha boshqaruv usulida yashashda davom etgan. Shu sababli film jamiyatda katta rezonans uyg‘otgan. Uning fikricha, Shavkat Mirziyoyev xalqni paxta qulchiligidan ozod qilganini hali to‘liq anglab yetmaganmiz.   Bloger «Abdulloh» Prezidentga tajovuz qilishda aybdor deb topildi «Abdulloh» nomi bilan tanilgan bloger Valeriy Yugay 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Qayd etilishicha, 1999 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan bloger jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudining hukmi bilan Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi va 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan. Bloger 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida Koreya Respublikasida bo‘lib turgan vaqtida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, milliy qadriyatni tahqirlovchi hamda diniy e’tiqodga ko‘ra, fuqarolarni kamsituvchi so‘zlar bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qator haqoratli chiqishlar qilib borgan.   Endi xodimga ish haqi har kuni to‘lanishi mumkin Bu borada O‘zbekistonda yangi tizim joriy etiladi: ishchi xoxlasa, mehnati uchun haqni shu kunning o‘zida oladi. Prezident qaroriga ko‘ra, bu 2025 yildan tajriba tariqasida amalga oshiriladi. Yangi qoida «shu kunning o‘zida» deb nomlanadi. Unga ko‘ra, ishchi bilan elektron shartnoma tuziladi va ish haqi elektron hamyonga tushiriladi. Eng muhimi, barcha soliq va yig‘imlar ham avtomatik hisoblanib, o‘z vaqtida to‘lanadi. Bu tizim faqat ixtiyoriy bo‘ladi, ya’ni ish beruvchi xoxlasa, doimiy oylik to‘lov tizimida qolishi mumkin. Shu bilan birga, qonunchilikning boshqa talablari ham o‘z kuchida qoladi. Yangi tartib kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ham yengillik olib keladi. 2026 yildan ularning soliq tartiblari soddalashtiriladi, aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Teglar

Mavzuga oid