
Google Gemini ChatGPT’ga jiddiy yaqinlashmoqda — raqobat keskinlashdi
ChatGPT hamon yetakchi bo‘lib turgan bo‘lsa-da, Google Gemini jadal o‘sib, bozor ulushini qisqartirmoqda; liderning o‘sish sur’atlari sekinlashib, raqobat yangi bosqichga o‘tdi.

Sun’iy intellekt bozorida kuchlar muvozanati o‘zgarib bormoqda. TechCrunch nashrinring Sensor Tower tahliliga tayanib xabar berishicha, ChatGPT’ning jadal va cheklovsiz o‘sish davri sekinlashmoqda, Google’ning Gemini tizimi esa tobora ilg‘orlab, bozor yetakchisiga yaqinlashayotgani kuzatilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ChatGPT hali ham sektordagi eng yirik o‘yinchi: global mobil yuklamalarning yarmi va faol oylik auditoriyaning 55 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq avgust–noyabr davrida faol foydalanuvchilar soni atigi 6 foizga o‘sib, 810 mlnga yetdi. Shu bilan birga, bozor ulushi to‘rt oyda 3 punktga kamaydi, ilovada o‘tkazilgan vaqt esa iyulga nisbatan 10 foiz pasaydi.
Google esa aksincha — tajovuzkor o‘sishini namoyon etmoqda. O‘sha davrda Gemini’ning auditoriyasi 30 foizga oshdi. Sentyabrda ishga tushirilgan Nano Banana generatsiya modeli foydalanuvchilar faolligini keskin oshirdi: o‘rtacha kunlik foydalanish 120 foizga ko‘tarilib, 11 daqiqaga yetdi. Qiyos uchun, ChatGPT’da bu o‘sish atigi 6 foizni tashkil etdi.
Google’ning eng katta strategik ustunligini analitiklar Android bilan chuqur integratsiya deb ataydi. Gemini’dan operatsion tizim interfeysi orqali foydalanuvchilar soni ilova yuklab oluvchilardan ikki baravar ko‘p. Bu Google’ga 3 mlrddan ortiq Android qurilmalari orqali ulkan tarqatish imkoniyatini beradi.
OpenAI rahbari Sem Altman ichki jamoaga «qizil kod» yuborib, personalizatsiya, ishonchlilik va surat generatsiyasi bo‘yicha tezkor takomillashtirish talab etilishini bildirgan.
Raqobat faqat ikki kuch o‘rtasida emas: Perplexity yuklamalarni 215 foizga, Claude esa auditoriyani 190 foizga oshirdi.
Ekspertlar fikricha, Google’ning asosiy quroli — ekotizim. SI klaviatura, kamera va Android xizmatlariga bevosita joylashib, foydalanuvchi uchun «ko‘rinmas» texnologiyaga aylanmoqda; ChatGPT esa alohida ilova sifatida raqobat olib borishga majbur.





