
Google Pixel 10 telefondagi muloqotni avtomatik tarjima qiladi
06.10.2025 | 10:3040423
Endi suhbat asnosida har ikki tomon o‘z ona tilida gapirishi mumkin — smartfon esa javobni avtomatik ravishda tarjima qilib, gapirayotgan insonning ovozi bilan qayta o‘qib beradi.

Yangi funksiyaning asosiy yutug‘i shundaki, u insonning tabiiy ovoz tembri va intonatsiyasini saqlab qoladi. Shu bois tarjima qilingan gaplar robot emas, balki haqiqiy inson so‘zlayotgandek eshitiladi. Bu funksiya til to‘siqlarini yo‘qqa chiqarib, xalqaro muloqotni oddiy va tezkor qiladi.
Tarjima jarayoni to‘liq qurilma ichida amalga oshiriladi — Pixel 10’ning Tensor G5 chipi va Gemini Nano AI modeli orqali. Bu esa ma’lumotlarni bulutli serverga yuborishni talab qilmaydi, ya’ni jarayon tez, xavfsiz va maxfiy bo‘ladi.
Google’ning ma’lumot berishicha, funksiya ingliz, ispan, nemis, italyan, yapon, fransuz, hind, portugal, indonez, rus va shved tillarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Pixel 10’ni nafaqat shaxsiy suhbatlar, balki biznes muloqotlar uchun ham qulay vositaga aylantiradi.
Yana bir muhim jihat — funksiyani faqat Pixel 10 foydalanuvchisi faollashtirishi kifoya. Qo‘ng‘iroqning ikkinchi tomonidagi inson oddiy telefondan gapirishi mumkin, tarjima esa avtomatik tarzda va fon rejimda amalga oshadi.
Bu texnologiya smartfonlarning yangi bosqichini boshlab berishi mumkin, chunki u nafaqat so‘zni, balki insonning hissi va intonatsiyasini ham global muloqotda saqlab qolishni ta’minlaydi.





