
Grand Mir mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatli binoga qurishga ruxsat berilmagan — prokuratura
02.10.2025 | 18:3039114
Toshkent markazida joylashgan Grand Mir mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatli biznes markazi qurilishi haqida tarqalgan xabarlar asossiz ekani ma’lum bo‘ldi.

Toshkent shahar prokuraturasi 30 qavatli biznes markazi qurilishi ko‘rib chiqilmagan va rasmiy ravishda tasdiqlanmaganini ma’lum qildi. Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida prokuratura shahar Qurilish bosh boshqarmasiga so‘rov yo‘lladi.
Javobda ta’kidlanishicha, hozirgacha shahar hokimiyatiga mazkur hududda qurilish uchun ariza berilmagan va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i yoki loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmagan. Shuningdek, loyiha Arxitektura-shaxarsozlik kengashi tomonidan ham ko‘rib chiqilmagan.
Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasida Grand Mir joylashgan hududda besh qavatdan ortiq inshoot qurishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan. Demak, ushbu yerda 30 qavatli biznes markaz qurilishi mumkin emas.
Joriy yilning iyun oyida ijtimoiy tarmoqlarda mehmonxona buzilib, uning o‘rnida uchta yangi binodan iborat majmua, jumladan, 30 qavatli biznes markaz qurilishi haqida xabar tarqalgan edi. Bu esa aholida katta norozilik uyg‘otdi.
«Bog‘saroy» mahallasi aholisi davlat idoralariga jamoaviy murojaat va talabnoma yo‘llab, qurilishga qarshilik bildirdi. Ularning murojaatida 2 727 ta imzo to‘plangan bo‘lib, unda loyiha shaharsozlik me’yorlari va bosh rejaga zid ekani qayd etilgan. Fuqarolar ochiq eshituvlar o‘tkazish va loyiha haqidagi ma’lumotlarni ommaga e’lon qilishni talab qilgan.
Shuningdek, sobiq «Chorsu» mehmonxonasi o‘rniga 30 qavatdan baland bino tushishi mumkin. Ammo Toshkent shahrining amaldagi bosh rejasi sobiq «Chorsu» mehmonxonasi o‘rnida 20 qavatdan ortiq bino qurishni taqiqlaydi. Avvalroq Kun.uz nashri loyiha yuzasidan poytaxt qurilish boshqarmasi boshlig‘iga so‘rov yuborgan. Poytaxt qurilish boshqarmasi boshlig‘i so‘rovga javoban bu loyiha hali tegishli organlarga taqdim etilmaganini bildirgan edi.





