
Grenlandiya allaqachon AQSH nazoratida: uni sotib olishga nima hojat bor?
1951 yilgi AQSH–Daniya shartnomasi Grenlandiya bo‘yicha barcha harbiy vakolatlarni allaqachon Vashingtonga bergan. Unda nega Tramp orolni to‘liq qo‘lga kiritmoqchi?

Iqtisodchi va siyosiy tahlilchi Andrey Illarionov Grenlandiya atrofidagi bahslar fonida muhim hujjatga e’tibor qaratdi. U LiveJournal’dagi sahifasida 1951 yilda AQSH va Daniya o‘rtasida imzolangan Grenlandiya mudofaasi bo‘yicha kelishuvning to‘liq матнини keltirdi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, AQSH so‘nggi 70 yildan ortiq vaqt davomida quyidagi huquqlarga ega:
Grenlandiya hududida harbiy bazalar joylashtirish;
orol hududi, portlari va havo makonidan foydalanish;
harbiy infratuzilma qurish va undan foydalanish;
qo‘shin va harbiy texnikani erkin joylashtirish;
AQSH va Shimoliy Atlantika xavfsizligi uchun zarur deb hisoblagan har qanday choralarni mustaqil ravishda ko‘rish.
Bu vakolatlar muddat bilan cheklanmagan, qo‘shimcha yuridik shartlarni talab qilmaydi va Grenlandiyani «sotib olish» majburiyatini umuman nazarda tutmaydi. Illarionov ta’kidlashicha, amalda orolni mudofaa qilish va undan harbiy-strategik maqsadlarda foydalanish uchun kerak bo‘lgan barcha imkoniyatlar allaqachon ushbu kelishuvda mustahkamlab qo‘yilgan.
Shu nuqtayi nazardan, u ikki asosiy savolni qo‘yadi. Birinchidan, Grenlandiya va AQSH mudofaasi uchun Donald Trampga aynan nima yetishmayapti — 1951 yilgi shartnomada mavjud bo‘lmagan qanday vakolat kerak?
Ikkinchidan, agar harbiy, strategik va logistik imkoniyatlar to‘liq ta’minlangan bo‘lsa, Grenlandiyani «sotib olish» uchun tilga olinayotgan yuzlab milliard dollar nima uchun to‘lanishi lozim?
Illarionov xulosasiga ko‘ra, bunday sharoitda Grenlandiyani sotib olish haqidagi gaplar xavfsizlik masalasidan ko‘ra ko‘proq siyosiy ramzga o‘xshaydi. Bu kuch namoyishi, ichki auditoriya uchun «qat’iyatli qadam» obrazini yaratish yoki siyosiy spektakl bo‘lishi mumkin.
Tahlilchining ta’kidlashicha, Grenlandiyani himoya qilish uchun uni sotib olish shart emas. Bu vazifa allaqachon 1951 yilda imzolangan xalqaro shartnoma orqali ta’minlab qo‘yilgan.





