add

Grenlandiya bosh vaziri aholini AQSHning ehtimoliy bosqiniga tayyorlanishga chaqirdi

Bugun 12:532 daqiqa

Orol rahbariyati Tramp tahdidlari ortidan aholi va institutlar favqulodda ssenariylarga tayyor bo‘lishi kerakligini bildirdi.

Grenlandiya bosh vaziri aholini AQSHning ehtimoliy bosqiniga tayyorlanishga chaqirdi

Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen orol aholisi va mahalliy hokimiyatni AQSH tomonidan ehtimoliy harbiy bosqin ssenariylariga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. U bu haqda orol poytaxti Nuuk shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Nilsenning so‘zlariga ko‘ra, kuch ishlatilishi ehtimoli past bo‘lsa-da, uni to‘liq istisno etib bo‘lmaydi, chunki «boshqa tomon bunday imkoniyatni ochiq qoldirgan».

U orol hukumati aholi uchun yangi tavsiyalar ishlab chiqayotganini bildirdi. Jumladan, grenlandiyaliklarga kamida besh kunlik oziq-ovqat zaxirasi qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, kundalik hayotda ehtimoliy uzilishlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun mahalliy hokimiyat va xizmatlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilishi rejalashtirilmoqda.

Grenlandiya bosh vazirining ta’kidlashicha, Grenlandiya barcha ehtimoliy variantlarga tayyor bo‘lishi shart. U orol NATO a’zosi ekanini eslatib, AQSH tomonidan har qanday eskalatsiya faqat ikki tomon o‘rtasidagi masala bo‘lib qolmasligini, balki global oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytdi.

 

Trampning niyati

Grenlandiya Daniya tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. AQSH prezidenti Donald Tramp esa orolni AQSH nazoratiga olish niyatini bot-bot takrorlab kelmoqda va so‘nggi kunlarda amaliy harakatlarni tezlashtirgan. U bunday pozitsiyani Rossiya va Xitoy tomonidan chiqishi mumkin bo‘lgan xavflar bilan izohlab keladi.

Biroq «Financial Times»ga NATO razvedka ma’lumotlaridan xabardor manbalar so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Grenlandiya sohillari yaqinida Rossiya yoki Xitoy harbiy kemalari faoliyati qayd etilmagan. Nilsen avval ham orol Daniya tarkibida va ittifoqchi tuzilmalar doirasida qolish niyatida ekanini aytgan.

Trampning anneksiya haqidagi bayonotlaridan keyin Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari, jumladan Daniya, Germaniya, Shvetsiya va Fransiya Grenlandiyaga harbiy kontingent yuborib, «Arktik barqarorlik» mashqlarini o‘tkazdi. Javob sifatida Tramp AQSH rejalarini qo‘llab-quvvatlamagan davlatlarga nisbatan 10 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qildi. Yevropa Ittifoqi ham bu holatda amerikalik tovarlarga qarshi javob choralarini tayyorlamoqda.

Shu fonda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Vashingtonga muqobil taklif bilan chiqqan. CNN manbasiga ko‘ra, u AQSH va Daniya o‘rtasida yangi kelishuv tuzishni, 1951 yildan amal qilib kelayotgan Grenlandiyani himoya qilish to‘g‘risidagi shartnomani qayta ko‘rib chiqishni va Xitoy sarmoyalarini cheklash kafolatlarini muhokama qilishni taklif etgan.

Teglar

Mavzuga oid