
Grenlandiyaning AQSHga sotilishi Kiyev uchun xavfli signal
Yevroittifoqning Grenlandiya bo‘yicha zaif pozitsiyasi Ukrainaga Yevropaning xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha imkoniyatlari cheklanganini ko‘rsatishi mumkin.

Buyuk Britaniyaning nufuzli nashri «The Guardian»ning yozishicha, Yevropa Ittifoqining Grenlandiyani AQSHga ehtimoliy sotilishiga rozi bo‘lishi Ukraina uchun «fojiaviy signal» bo‘ladi. Nashrning ta’kidlashicha, bu holat Kiyevga Yevropa Ittifoqi tashqi bosim sharoitida o‘z a’zolari suverenitetini himoya qilishga qodir emasligini namoyish etadi.
The Guardian tahliliga ko‘ra, agar Yevroittifoq o‘z a’zosi hisoblangan Daniya va uning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiya suverenitetini himoyalay olmasa, Ukraina Yevropa tomonidan haqiqiy va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlovga tayana olmasligini anglab yetadi. Bu esa Kiyevning xavfsizlikka oid strategik hisob-kitoblariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Latviyaning sobiq bosh vaziri Krishyanis Karinsh nashr bilan suhbatda Yevropa Ittifoqining AQSHga kuchli darajada bog‘liqligi yevropalik rahbarlarni Vashingtonni ochiq tanqid qilishdan tiyib kelayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda AQSH bilan tuzilgan savdo kelishuvi doirasida Yevroittifoqayrim tovarlarga 15 foizlik bojlarni qabul qilgan, bu qaror esa asosan Ukraina masalasida Amerika qo‘llab-quvvatlovini saqlab qolish istagi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Nashrning eslatishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp 1-fevraldan Grenlandiyada harbiy mashqlar o‘tkazish uchun qo‘shin yuborgan davlatlar tovarlariga boj joriy etishini ma’lum qilgan. Bu qaror YIda jiddiy norozilik uyg‘otgan.
«Financial Times» nashrining ma’lum qilishicha, javob chorasi sifatida Yevroittifoq AQSHdan olib kiriladigan 93 mlrd yevro qiymatdagi tovarlarga nisbatan boj joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu esa transatlantik munosabatlarda yangi savdo ziddiyatlarini keltirib chiqarishi mumkin.
«The Guardian» xulosasiga ko‘ra, Grenlandiya masalasidagi har qanday yon berish faqat Arktika xavfsizligiga emas, balki Ukrainadagi urush fonida Yevropa Ittifoqining geosiyosiy ishonchliligiga ham jiddiy putur yetkazadi.





