
Gulistondagi fojeali yong‘in, reydga chiqqan Mirziyoyeva, tandirlarga «urush» ochgan hokim — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.
Gulistonda oshxonada gaz portladi: odamlar qurbon bo‘ldi. Xavfsizlik qoidalariga rioya qilish nechog‘lik muhim ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik.
Jabrlanuvchilardan uch nafari vafot etgan, bir kishi o‘ta og‘ir ahvolda, yana besh kishi jonlantirish bo‘limida qolayotgani xabar qilindi.
29 kishi jarohatlangan bo‘lsa, ulardan 26 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Gulistonga tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev jarohatlanganlar holidan xabar oldi, yaqinlariga tasalli berdi. Vafot etganlarning oilalariga davlat hisobidan 100 mln so‘mdan pul berish haqida topshiriq berdi.
Shu va haftaning boshqa eng muhim voqealari — bugun haftalik daydjestimizda.
Shahrixonda tandirlarga qarshi urush ochgan hokim
Havoni ifloslantirayotgan issiqxonalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Saida Mirziyoyeva
Afg‘onistonga o‘tish uchun ochilgan ko‘prik
O‘zbek futbolchilarining Jahon chempionatidagi raqiblari
Gulistonda 3 kishi gaz portlashi qurboni bo‘ldi
2-dekabr kuni Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahridagi umumiy ovqatlanish korxonalaridan birining oshxonasida gaz balloni portladi.
Dastlab viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi halok bo‘lganlar yo‘qligini bildirdi. Biroq 3-dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi uch nafar bemor vafot etganini tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, portlash oshxonadagi o‘choqqa yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan propan balonidan sizib chiqqan va xona ichida to‘plangan gazning chaqnashi oqibatida yuzaga kelgan.
IIVga ko‘ra, portlashga aloqador mansabdor shaxslarning 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olingan hamda hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
4-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga tashrifi doirasida shifoxonaga kelib, ulardan xabar oldi, yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Shuningdek, Prezident topshirig‘i bilan Gulistondagi portlash qurbonlarining oilasiga 100 mln so‘mdan beriladigan bo‘ldi.
Hokim tadirlarga «urush» ochdi va yengildi
«Salla» deyilsa, «kallasi»ni olib keladigan hokimu amaldorlarga ko‘nikib qoldik. Har qanday ezgu tashabbusni obro‘sizlantiradigan hokimlardan bu galgisi Andijon viloyatida «labbay» deb o‘rtaga chiqdi. Andijon viloyatida go‘yoki «ekologik vaziyatni yaxshilash» vaji bilan somsaxona tandirlarini buzdirgan Shahrixon tumani hokimi Hikmatulla Dadaxonovga intizomiy jazo sifatida hayfsan berildi.
Shahrixon tumani hokimi ekologik reyd chog‘ida ayrim somsaxonalar tandirlarini buzishga buyruq bergani va xodimlarni safarbar qilgani ma’lum bo‘ldi.
Yoppasiga buzdirilayotgan tandirlar haqidagi vahimali tasvirlar dastlab Telegram’da xabar berilgan, biroq post keyinroq o‘chirilgan.
Xabarda havo ifloslanishini kamaytirish uchun tunu-kun reydlar o‘tkazilayotgani va talablarga javob bermagan ovqatlanish hamda maishiy xizmat ob’ektlari vaqtincha yopilayotgani aytilgandi.
Andijon viloyat hokimligi tuman hokimiga tandirlarni buzdirgani uchun «hayfsan» berilganini, bu kabi holatlar takrorlanmasligi bo‘yicha tushuntirish ishlari o‘tkazilganini bildirdi.
Bu orada, Biznes-ombudsman ekologik reydlar vaqtida tadbirkorlar mulkiga zarar yetkazilayotgani haqida shikoyatlar borligini aytib, davlat organlarini xususiy mulk huquqlarini buzmaslikka va qonuniga qat’iy rioya qilishga chaqirdi
Saida Mirziyoyeva ham ekoreydga chiqdi
Toshkent havosining ifloslanishi nafaqat fuqarolar, balki davlat amadorlarining ham nazaridan chetda qolgani yo‘q.
2-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raisligida Toshkent shahridagi havo holati bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishdan so‘ng Saida Mirziyoyeva mas’ullar bilan birga havoni zararlayotgan issiqxonalar bo‘yicha reydga chiqdi. Shunday issiqxonalardan birining rahbariga qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini tushuntirib, buni to‘xtatishni buyurdi.
Administratsiya rahbari Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlaridan bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar yuzasidan muntazam ravishda hisobot berib turishni talab qildi.
Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha choralar bir martalik qilinadigan ishlar emasligi, havo yaxshilangandan so‘ng ham bu ishlar to‘xtamasligi, balki izchil va tizimli davom etishi zarurligi rahbarlarga qat’iy eslatib o‘tildi.
O‘zbekiston yana qarz olmoqda
O‘zbekistonning davlat qarzi bir yilda deyarli 1,1 barobarga ortib, 44 mlrd dollarga yaqinlashdi.
Shunga qaramasdan, O‘zbekiston yana qarz olmoqda. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va O‘zbekiston hukumati «Yashil va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish dasturi»ni moliyalashtirish uchun 500 million dollar ajratish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Dastur ekologik barqaror va bozorga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga o‘tishni tezlashtirishga qaratilgan. U past uglerodli o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, davlat sektori samaradorligini oshirish va iqlim barqarorligini kuchaytirishni maqsad qiladi.
Dastur Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tashabbus issiqxona gazlari chiqindilarining kamayishi, havo sifatining yaxshilanishi va energiya tejamkor texnologiyalar orqali aholi, ayniqsa himoyaga muhtoj guruhlar yashash sharoitlarining yaxshilanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hayraton ko‘prigi fuqarolar uchun ochilmoqda
O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi Termiz—Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolarni o‘tkazish punktlari qayta ish boshladi.
«Endi yo‘lovchilar ikki davlat orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va xavfsiz tarzda harakatlanishi mumkin. Shu bilan birga, viza talabi o‘z kuchida qoladi», — deyiladi xabarda.
2021 yilning avgustida Tolibon harakati Afg‘onistonni egallagach, O‘zbekiston tomoni qochqinlar oqimining oldini olish maqsadida chegaradan fuqarolar o‘tishi cheklangan edi.
Keyinchalik bu cheklov o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Afg‘onistonga borishini qiyinlashtirib kelayotgan edi: Hayraton ko‘prigidan 75 km masofada joylashgan Mozori Sharifga yetib olish uchun o‘zbekistonliklarga 1 soat vaqt kifoya qilgan bo‘lsa, shu paytgacha Tojikiston hududida joylashgan aylanma yo‘ldan foydalanishga va Afg‘onistonning eng yaqin shahriga borish uchun bir sutka vaqtini sarflashga majbur bo‘layotan edi. Endi bu cheklovlar bekor qilindi va yo‘l yana ochildi.
Chegaradan o‘tish tartibining tiklanishi eksport qiluvchi korxonalar uchun katta qulaylik yaratadi. 2026 yilda Afg‘onistonga eksport hajmini 2,5 mlrd dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Gulshan Alimardonova jahon chempioni bo‘ldi
Bu hafta o‘zbekistonliklar uchun sport olamida quvonchli voqealar bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida ilk bor ayol karatechi jahon chempioniga aylandi
Misr poytaxti Qohira shahrida o‘tayotgan karate bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchi Gulshan Alimardonova vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan karatechilar toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Bu g‘alaba bilan Gulshan Alimardonova O‘zbekiston sport tarixiga ayol karatechilar orasida birinchi jahon chempioni sifatida o‘z nomini yozdi.
Shu paytga qadar karate bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar ichida faqat Dostonbek Otabolayev oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Nodirbek Abdusattorov turnir g‘olibi
4-dekabr kuni 50 ming funt sterling mukofot jamg‘armaga ega London Chess Classic 2025 nufuzli turnirida Nodirek Abdusattorov bir tur avval chempionlikni rasmiylashtirdi.
Abdusattorov 8-turda fransiyalik Alirizo Firo‘zjaga qarshi dona surdi va durangga erishdi. Bu natija unga 8 imkoniyatdan 7 ochko to‘plash imkonini berdi. Firo‘zja esa 5 ochko bilan ikkinchi o‘ringa joylashdi. Shu tariqa, o‘zbekistonlik grossmeyster oxirgi tur natijasidan qat’iy nazar, turnir g‘olibi sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamladi.
London Chess Classic’dagi muvaffaqiyatdan so‘ng Nodirbek Abdusattorovning reyting ko‘rsatkichlari keskin yaxshilandi. U onlayn-jadvalda 20 ochko qo‘shib, 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarildi.
Bu o‘zbekistonlik shaxmatchilarning ketma-ket ikkinchi g‘alabasi. Avvalgi hafta 19 yoshli Javohir Sindorov Hindistonda FIDE jahon kubogini qo‘lga kiritgan edi.
Temur Kapadze — «Navbahor» bosh murabbiyi
Namangan futbol klubi 44 yoshli mutaxassis Temur Kapadze bilan shartnoma imzolangani e’lon qildi.
Kapadze rahbariyat bilan uchrashuv chog‘ida jamoaning kelgusi rejalari, taktik yo‘nalishi va rivojlanish strategiyalarini batafsil muhokama qilgani qayd etildi. Muzokaralar natijasida mutaxassis klub bilan rasman shartnoma imzolab, jamoaga rahbarlik qilishga kirishdi.
Eslatib o‘tamiz, Temur Kapadze O‘zbekiston milliy terma jamoasini Olimpiada va Jahon chempionatiga olib chiqqan murabbiy sifatida tarixga kirgan.
«Yashil maydonlar»ga 150 mlrd so‘m
2026 yildan har yili «yashil maydon»lar barpo etish uchun 150 mlrd so‘m ajratiladi.
Prezident huzuridagi yig‘ilishda havo sifati, chiqindilarni qayta ishlash va poligonlarni ekologik xavfsiz hududga aylantirish bo‘yicha yangi talab va moliyaviy choralar belgilandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi yillarda 47 ta poligon yopilib, rekultivatsiya qilingan va 243 gektar yer tabiatga qaytarilgan. Biroq ishlab turgan 132 ta poligonning aksariyatida himoya devorlari, «yashil belbog‘» va ekologik xavfsizlik infratuzilmasi yo‘qligi jiddiy muammo sifatida ta’kidlandi. 2030 yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
«Bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti va aholi e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Shu bois, maishiy chiqindi poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish zarur. Bu masalaga faqat chiqindisini boshqarish emas, balki sanoat, energetika, ekologik madaniyat bilan uzviy bog‘liq yo‘nalish sifatida yondashish lozim», – deydi Mirziyoyev.
Teglar






