
Gulnora Karimovadan musodara qilingan pullarga 45 ta maktab yangilanadimi?
24.09.2025 | 20:003526
«Ishonch» jamg‘armasi Shveysariyadan qaytgan 20 mln dollar mamlakatdagi 45 ta qishloq maktabini ta’mirlashga yo‘naltirilishini aytmoqda.

«Ishonch» jamg‘armasi «Maktablarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilik hamda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyenani (SSG) modellashtirish» loyihasiga 20 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratadi. Loyiha rasman 2025-yil 1 oktyabrda o‘z ishini boshlaydi. Bu haqda jamg‘arma 17 sentyabr kuni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, loyihada O‘zbekiston bo‘yicha kamida 45 ta qishloq maktabini ta’mirlash, maktablarda energiya sarfini 30 foizga va dimlangan gazlar chiqindilarini 50 foizga kamaytirish uchun xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Loyiha 31 500 nafar bola, ayniqsa, o‘smir qizlar uchun kundalik ta’lim sharoitlarini bevosita yaxshilaydi. Ular gender jihatlarni hisobga olgan holda alohida qulayliklardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, bu esa darslarni qoldirish holatlarini kamaytiradi.
Loyiha yakunlangandan so‘ng uning natijalari barqarorligini ta’minlash maqsadida, 2700 nafar maktab o‘qituvchilari va xodimlari iqlim o‘zgarishiga chidamlilik, SSG’ga gender jihatlar hisobga olingan yondashuv va jarayonlarga jamoatchilikni jalb qilish bo‘yicha o‘qitiladi.
«Maktab yoshidagi bolalar soni tez o‘sib borayotgan mamlakatlar ichida O‘zbekiston dunyodagi yuqori o‘rinlarda turadi. Bu yerda 1,4 milliondan ortiq o‘quvchi suv ta’minoti bo‘lmagan yoki suv ta’minoti cheklangan maktablarga qatnaydi. Ko‘pgina maktablar, ayniqsa qishloq joylardagi maktablarda hamon eskirgan hojatxonalar va samarasiz isitish tizimlaridan foydalanilmoqda. Mazkur loyiha iqlim o‘zgarishiga chidamli, inklyuziv va gender jihatlar hisobga olingan infratuzilmani joriy etish orqali bu dolzarb muammolarga yechim topadi hamda butun mamlakat bo‘ylab ta’limga kelajakdagi investitsiyalar uchun namuna yaratadi», - deyiladi xabarda.
Shveysariya elchisi Konstantin Obolenskiyning ta’kidlashicha, Shveysariya ushbu restitutsiya mablag‘lari O‘zbekiston xalqiga bevosita foyda keltiradigan, korrupsiyadan xoli, sezilarli investitsiyalarga aylantirilayotganidan faxrlanadi.
«Ushbu loyiha orqali biz 31 500 bolaga yanada sog‘lom, xavfsiz va munosib muhitda ta’lim olish imkoniyatini yaratmoqdamiz — bu rivojlanishga xizmat qiluvchi restitutsiyaning haqiqiy timsolidir», — dedi Obolenskiy.
Jamg‘armaning qayd etishicha, «Eng yaxshi maktabim» raqamli portali mahalliy hamjamiyatlar va keng jamoatchilikka byudjet, pudratchilar, qurilish muddatlari va ishlarning borishini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beradi.
Shuningdek, loyiha doirasida fuqarolik jamiyati ishtirokida xaridlar va ta’mirlash jarayonlarida adolatli, korrupsiyadan xoli, ota-onalar, o‘qituvchilar hamda mahalliy jamoalar oldida hisobdorlikni ta’minlovchi Halollik pakti sinovdan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston tomonidan Adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolangandi. Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan.
Aprel oyida Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan pullarining yana 67 million dollari O‘zbekistonga qaytarilgan. Jarayonni nazorat qilish uchun BMT shafeligida «Ishonch» jamg‘armasi tashkil etilgan.





