
Hafta dayjesti: See Breezeʼning start olishi, Jennifer Lopesning konserti va majburiy mehnatdan qutilolmayotgan o‘qituvchilar
10.08.2025 | 10:00478418
Hafta davomida O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni Vaqt.uz endi videoformatda taqdim etadi.

Shubhasiz, haftaning eng muhim voqeasi «Sea Breeze Uzbekistan» bo‘yicha hukumat qarori bo‘ldi. 1 avgust kuni imzolangan hujjatda Jamoatchilik orasida katta muhokamalarni keltirib chiqargan loyihani amalga oshirish shartlari belgilandi
Qarorga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududidagi 577 ga yer maydonida qiymati 5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadigan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan Ozarboyjonning «Agalarov Development» MCHJ ishtirokida «Sea Breeze Uzbekistan» MCHJ qo‘shma korxonasining takliflari eng yaxshi taklif sifatida tanlab olingan. Qizig‘i, hukumat qarori 1 avgust kuni e’lon qilingan bo‘lsa, Qo‘shma korxona 4 avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Hukumat qarorida «Sea Breeze Uzbekistan» MCHJ QKga loyihani amalga oshirish bo‘yicha bir qator huquq va vazifalar ham belgilangan.
Jumladan, loyiha qurilishida Chorvoq suv omboriga bir tomchi ham oqova suv tushirilmasligi shart etib belgilandi. Qurilish va va loyiha ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqova suvlarni Chirchiq shahri oqova suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirish choralarini ko‘rish «Sea Breeze Uzbekistan» MCHJning asosiy majburiyatlaridan biri etib belgilanadi. Bunda ushbu talabga rioya etmaslik loyihani to‘xtatishga va yerga bo‘lgan ijraga huquqining bekor qilinishiga asos bo‘ladi.
Loyihani amalga oshirishda buziladigan har qanday xususiy mulk ob’ektlari, shu jumladan, dala hovlilar va mulkchilikning boshqa shakllari kompensatsiyalanadi.
Yashil maydonlar ekologik va estetik qiymati darajasiga ko‘ra tasniflanadi va eng muhim namunalarga nisbatan kesish emas, balki ko‘chirib o‘tkazish choralari ko‘riladi.
«Sea Breeze Uzbekistan» Chorvoq turistik zonasi ishtirokchisi sifatida erkin iqtisodiy zona maqomini oldi. Bu unga O‘zbekistondagi maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq barcha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish huquqini beradi.
Loyiha amalga oshirilishi davomida «Sea Breeze Uzbekistan» chetdan olib kiriladigan uskunalar va qurilish materiallari uchun qo‘shimcha xarajat qilmaydi. Bu esa Chorvoq hududida yirik turistik infratuzilma qurilishini tezlashtirishi va sarmoya miqdorini sezilarli darajada qisqartirishi kutilmoqda.
Tonirovka arzonlashdimi yoki yangi to‘lov bilan qimmatlashdimi?
Yangi qarorga ko‘ra, yoz oylarida avtooyna qoraytirishga imtiyozlar berildi. Ammo shunday sharoitda — ortiqcha to‘lov va tushunmovchiliklar ham paydo bo‘ldi. Yangilik nimada va nima o‘zgardi — hozir ko‘rib chiqamiz.
Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asoslangan yangi tartibga ko‘ra, endi O‘zbekistonda har yili 1 maydan 31 avgustgacha M1 toifasiga kiruvchi avtotransport vositalari (bular o‘rindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan yengil avtomobillar) uchun yoz oylarida orqa va old yon oyna shishalarini qoraytirishga yengilliklar beriladi.
Yoz oylarida tonirovka qilish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan 1 BHM — ya’ni 412 ming so‘m to‘lov undiriladi. To‘lov ruxsatnoma rasmiylashtirilgan sanaga bog‘liq bo‘lmaydi, to‘rt oy uchun to‘liq bir martada amalga oshiriladi.
Bu mudatdan boshqa vaqtlarda quyidagicha narx amal qiladi:
- Orqa yon oynalar va orqa oyna — bepul
- Old eshiklar oynalari — bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobari, ya’ni 3 mln 296 ming so‘m.





